Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Aholining samarali, shaffof va inklyuziv davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyati oshiriladi
18:27 / 2025-10-13

Yevropa Ittifoqi, BMT Taraqqiyot dasturi va Adliya vazirligi tomonidan “O‘zbekistonda davlat xizmatlari ko‘rsatishni yanada takomillashtirish” loyihasi amalga oshirilmoqda.

Loyiha doirasida davlat xizmatlari mavzusini xolis va sifatli yoritish ko‘nikmalarini oshirish maqsadida ikki kunlik trening tashkil etildi. Unda O‘zbekistonning turli hududlaridan 20 nafardan ortiq jurnalist va blogerlar ishtirok etdi. 

Tadbirda davlat xizmatlari sohasidagi islohotlar haqida aniq, xolis va jozibali tarzda axborot berish ko‘nikmalarini mustahkamlash, shuningdek, sun’iy intellekt va raqamli vositalardan samarali foydalanish bo‘yicha ma’lumot berildi. 

Mashg‘ulotlar amaliy mashqlar va interfaol topshiriqlar orqali olib borildi. Qatnashchilar davlat xizmatlari haqidagi axborotlarni ochiqlik va xolislik tamoyillari asosida yoritish usullarini o‘rgandi. Ma’lumot manbalarini tekshirish va tahlil qilish ko‘nikmalarini mustahkamladi. Infografika va “explainers” kabi zamonaviy formatlarda kontent yaratish bo‘yicha tajriba oshirildi. Sun’iy intellekt vositalaridan faktlarni tekshirish va raqamli hikoya tayyorlash uchun foydalanildi. Guruh bo‘lib qisqa reportaj va videoroliklar yaratish mashq qilindi. 

Trening yakunida savol-javob sessiyasi, fikr almashish va sertifikat topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Ishtirokchilar davlat xizmatlari to‘g‘risida aholining xabardorligini oshirishga xizmat qiluvchi yangi bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘ldi.

Aytib o‘tish kerakki, Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilayotgan “O‘zbekistonda davlat xizmatlari ko‘rsatishni yanada takomillashtirish” loyihasining umumiy byudjeti 4,9 million yevroni tashkil etadi. 

Mazkur loyiha doirasida 2024-2029 yillarda qishloq hududlarda davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyatini oshirish, raqamlashtirish bilan bog‘liq muammolarga barham berish ko‘zda tutilgan. Loyiha O‘zbekistonning islohotlar dasturini qo‘llab-quvvatlaydi hamda Barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM)da ko‘zda tutilgan kuchli institutlar va innovatsiya, infratuzilma maqsadlarini amalga oshirishga xizmat qiladi. 

2029 yilgacha tashabbus doirasida 11 ta institutsional tahlil o‘tkazish, ming nafar davlat xizmatchisi malakasini inklyuzivlik va fuqarolarda yo‘naltirilgan xizmat ko‘rsatish bo‘yicha oshirish, 35 xizmatni raqamlashtirish, 34 mahallada o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatish zonasini yaratish ko‘zda tutilgan. 

Ushbu keng qamrovli islohotlar aholining samarali, shaffof va inklyuziv davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyatini sezilarli darajada oshiradi.

N.Abduraimova, O‘zA