Yurtimizda aholining ruhiy salomatligini muhofaza qilish xizmatini takomillashtirish, ruhiy holat buzilishlarini erta aniqlash, davolash sifatini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Davlatimiz rahbarining joriy yil 19 iyundagi “Aholining ruhiy salomatligini muhofaza qilish xizmatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori ayni shu maqsadga qaratilgan.
– Ushbu qarorda sohada samarali boshqaruv tizimini joriy etish, ilm-fanni rivojlantirish, kadrlar salohiyatini yuksaltirish va psixiatriya muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, aholiga o‘z vaqtida psixiatriya yordami ko‘rsatilishini tashkil etish nazarda tutilgan, – deydi Navoiy viloyati asab ruhiy kasalliklar dispanseri shifokor psixiatri Shovdir Asatov. – Unga ko‘ra, ixtisoslashtirilgan psixiatriya va narkologiya yordamini ko‘rsatishning yagona vertikal boshqaruv tizimi joriy etiladi.
Birlamchi bo‘g‘in tibbiyot muassasalariga ruhiy salomatlikni muhofaza etish xizmatlari integratsiya qilinadi. Ruhiy holati buzilgan shaxslar dori vositalari bilan ehtiyojga ko‘ra to‘liq ta’minlanadi.
Mazkur hujjatda aholi, ayniqsa, bolalar va o‘smir yoshlarning ruhiy salomatligini mustahkamlash, kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish, mutaxassislarni munosib rag‘batlantirish va samarali mehnati uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratish, psixiatriya muassasalarining moddiy-texnika bazasini yanada mustahkamlash kabi maqsadlar ham ko‘zda tutilgan. Ushbu qaror bilan 2023 yil 1 iyuldan Respublika ixtisoslashtirilgan narkologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi amaldagi moliyalashtirish tartibini saqlab qolgan holda, Respublika ixtisoslashtirilgan ruhiy salomatlik ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga aylantirildi. Ahamiyatlisi, hujjatda o‘quvchilarda o‘zini o‘zi boshqarish, murakkab hayotiy vaziyatlarni yengib o‘tish ko‘nikmalarini shakllantirish, depressiya, xavotirli holatlar va suitsidlarning oldini olish bo‘yicha maxsus ijtimoiy-emotsional o‘quv soatlarini (Social Emotional Learning, SEL) umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida maktab dasturidagi mavjud fanlar va darsdan tashqari jarayonlar orqali yo‘lga qo‘yish masalasi ham kiritilgan.
Eng muhim masalalardan biri bu 2023 yil 1 sentyabrdan boshlab tibbiyot xodimlarini “psixiatriya”, “sud psixiatriyasi”, “tibbiy psixologiya” va “narkologiya” yo‘nalishlari bo‘yicha qayta tayyorlash kurslarida o‘qitish xarajatlari Iqtidorli va malakali tibbiyot mutaxassislarini qo‘llab-quvvatlash hamda tibbiyot muassasalariga jalb qilish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan amalga oshirilishidir.
Bir so‘z bilan aytganda, mazkur hujjat ruhiy salomatligida muammosi bor fuqarolarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan bo‘lib, bu oilalar tinchligi, farovonligini ta’minlashga ham bevosita xizmat qiladi.
O‘zA muxbiri A.Bo‘riyev yozib oldi