Shu kunlarda Davlat kadastrlari palatasi Toshkent shahar boshqarmasi tomonidan fuqaro va tadbirkorlarning sohaga oid masalalarini ijobiy hal etish maqsadida joylarda sayyor qabullar o‘tkazilmoqda.
Xususan, joriy yilning 6 oyi davomida boshqarma va tuman bo‘limlariga jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushgan 3 420 ta murojaatning 2 095 tasi mas’ullar tomonidan qanoatlantirilgan, 712 tasi yuzasidan tushuntirish berilgan, 15 tasi ko‘rmasdan qoldirilgan hamda 598 ta murojaat boshqa idoraga yuborilgan.

Tumanlarda o‘tkazilgan sayyor qabullarda esa jami 34 ta murojaat o‘rganilib, 21 tasi ijobiy hal etilgan, 13 tasi bo‘yicha tegishli huquqiy tushuntirishlar berilgan.

Soha mutasaddilari tomonidan izchil tarzda o‘tkazib kelinayotgan sayyor qabullar orqali fuqaro va tadbirkorlarning murojaatlari tezkorlik bilan hal etilmoqda.
Shu kabi sayyor qabullardan birida Sergeli tumani aholisining sohaga tegishli murojaatlari ko‘rib chiqildi. Har bir murojaat qonunchilik me’yorlari asosida o‘rganilib, yechim topish bo‘yicha aniq topshiriqlar berildi. Fuqarolarga tegishli tavsiyalar va amaliy yordam ko‘rsatildi.

Xususan, tadbir davomida 20 dan ziyod tadbirkorlar va fuqarolarning ko‘chmas mulkni ro‘yxatdan o‘tkazish, kadastr pasportini rasmiylashtirish, mulkka egalik huquqini olish, meros, yerni xususiylashtirish hamda kadastrga doir boshqa savol, muammolari tinglandi.
3 nafar murojaatchining masalasi shu joyning o‘zida hal etildi, 9 nafariga huquqiy tushuntirishlar berildi, 7 nafar murojaatchiga masalasi bo‘yicha tegishli tashkilotga murojaat qilishi zarurligi aytildi.

Qayd etish kerakki, sayyor qabulda mutasaddilar yig‘ilgan fuqarolarga “O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida”gi qonunning tartibi va ahamiyatli jihatlari, olib borilayotgan xatlov ishlari, Qonun bilan aholiga yaratilgan qulayliklar haqida ham ma’lumot berildi.
Darhaqiqat, bunday ochiq muloqotlar – aholining huquqiy savodxonligini oshirish, yer bilan bog‘liq masalalarda mavjud tushunmovchiliklarni bartaraf etish va qonunchilikdagi yangiliklarni ommaga yetkazishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Gulnoza Boboyeva,O‘zA