Qaror va ijro
Xalqaro media xollda tashkil etilgan navbatdagi ochiq muloqot shunday nomlandi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Behzod Musayev, sog‘liqni saqlash vaziri Abduhakim Hojiboyev, bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Nozim Husanov va boshqalar bugungi kunda mamlakatimiz ijtimoiy himoya muhofazasi yo‘lida amalga oshirilayotgan islohotlar zamirida aholining farovon hayotini ta’minlash masalalari muhim o‘rin egallayotganini ta’kidladi.
O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri Abduhakim Hojiboyev mamlakatimiz tibbiyoti sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning amaliy natijalariga asosiy urg‘u berdi.

– Sog‘liqni saqlash tizimida keyingi besh yillikdagi qiyosiy ko‘rsatkichlar xalqimizga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifati va ko‘lami oshib borayotganini tasdiqlaydi, – dedi Abduhakim Hojiboyev. – Xususan, tibbiyotning birlamchi bo‘g‘inini kuchaytirish bo‘yicha qilingan ishlar ko‘lami juda keng.
Buning natijasida samarasiz, moddiy-texnika bazasi nochor bo‘lgan 3 mingdan ortiq QVP o‘rnida 2 mingta poliklinika va oila shifokorlik punktlari tashkil etilib, aholiga o‘z yashash manzillarida oila shifokorlari tomonidan to‘liq bepul ambulator tibbiy xizmat ko‘rsatilishi ta’minlandi.
Ommaviy shakldagi profilaktik va chuqurlashtirilgan ko‘riklar o‘rniga maqsadli skrining dasturlari, total patronaj o‘rniga universal-progressiv patronaj tizimi joriy qilindi. Xususiy tibbiyot muassasalari rivojiga qaratilayotgan e’tibor tufayli bugungi kunda ularning soni sezilarli darajada oshdi. Buning natijasida ushbu soha vakillarini ish bilan ta’minlash masalasi ham ijobiy hal etilayotganini ko‘rishimiz mumkin.

Tez tibbiy yordam tizimida bitta chaqiriqqa dori-darmon uchun 2016 yilda 500 so‘mdan mablag‘ ajratilgan bo‘lsa, ayni paytda bu ko‘rsatkich 6500 so‘mni tashkil etmoqda. Qolaversa, “Tez yordam” shoxobchalari soni o‘tgan besh yilda 800 tadan 1 ming 666 taga yetkazildi. Tez tibbiy yordam brigadalari soni esa 1 ming 890 tadan 2 ming 842 taga oshirildi.
Yana bir masala shuki, 2016 yilda tarmoqda bor-yo‘g‘i 24 ta reanimobil xizmat ko‘rsatar edi. bugungi kunda esa ular soni 435 taga yetkazilgan. Birgina o‘tgan 2020 yilda Toshkent shahar tez tibbiy yordam stansiyasiga 150 dona “Ford” rusumli reanimatsion tibbiy apparatlar bilan jihozlangan tez tibbiy yordam avtomashinasi xarid qilindi.
Ochiq muloqotda 2017-2021 yillarda mamlakatimizda aholi bandligiga ko‘maklashish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar muhokamasiga keng o‘rin berildi. Deylik, ishga joylashtirish Mehnat organlarida jismoniy va yuridik shaxslarga “Yagona oyna” tamoyili asosida xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yildi. 5 yil mobaynida 1 million 407 ming nafar ishsiz doimiy ish o‘rinlariga ega bo‘ldi.

Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Nozim Husanov vazirlik tomonidan bandlik masalasida olib borilgan ishlar xususida to‘xtalib o‘tdi.
– Ishga joylashtirilgan fuqarolarning 340 ming nafari xizmat ko‘rsatish va servisda, 180 ming nafari xalq ta’limi va sog‘likni saqlashda, 302 ming nafari sanoatda, 175 ming nafari qishloq xo‘jaligida va 423 ming nafari iqtisodiyotning boshqa tarmoqlarida bandligi ta’minlandi, – dedi Nozim Husanov.
– Haq to‘lanadigan jamoat ishlarini tashkil etish yo‘lga qo‘yildi. O‘tgan yillarda 1 million 370 mingga yaqin ishsizlar jamoat ishlariga jalb qilinib, Jamoat ishlari jamg‘armasidan salkam 1,3 trillion so‘mga yaqin mablag‘lar moliyalashtirib berildi.

Kasb-hunarga o‘qitish, qayta tayyorlash va malakasini oshirish maqsadida 16 ta “Ishga marhamat” monomarkazlari, 136 ta mahallada kasb-hunarga o‘qitish maskanlari tashkil etildi.
Subsidiya mablag‘larini ajratish orqali aholi bandligiga ko‘maklashish bo‘yicha bir nechta instrumentlar joriy etilgan bo‘lsa, 2019-2021 yillar mobaynida Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi hisobidan 180 milliard so‘mga yaqin subsidiya mablag‘lari ajratish hisobiga 77,5 ming nafar ishsizlarning bandligiga ko‘maklashildi.
Ochiq muloqotda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 9 avgustdagi “Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning yangi tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan amalga oshirilayogan ishlar sarhisobiga ham e’tibor qaratildi.
Shuningdek, tadbirda Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish hamda Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirliklari tomonidan aholining ijtimoiy muhofazasi yo‘lidagi ustuvor vazifalari, natijalar va rejalari tahlil etildi.

Nasiba ZIYODULLAEVA, O‘zA