Senat yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun muhokama qilindi.
Qonun bilan nogironligi bo‘lgan bolalarga ko‘rsatiladigan kunduzgi parvarish xizmatidan foydalanadigan ota-ona tomonidan har bir farzand uchun to‘lanadigan oyiga 3 million so‘mgacha bo‘lgan to‘lovlar soliq solinmaydigan daromadlar toifasiga kiritilishi belgilanmoqda.

Bundan tashqari, davlat-xususiy sheriklik asosida uch yoshdan o‘n sakkiz yoshgacha nogironligi bo‘lgan bolalar uchun bunday xizmatlarni ko‘rsatuvchi tadbirkorlik sub’ektlari ham barcha turdagi soliqlarni 2030 yil 1 yanvarga qadar to‘lashdan ozod qilinishi nazarda tutilmoqda, ijtimoiy soliq bundan mustasno.
Shuningdek, jamoat transportidan bepul foydalanuvchi fuqarolar toifasi ham kengaymoqda.

Senatorlar o‘z chiqishlarida tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan, tegishli bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lgan xotin-qizlarni yo‘llanma bo‘yicha davlat tashkilotlariga ishga joylashtirish belgilanayotganini ta’kidladi.
Senatorlar ma’qullagan qonun nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish ko‘lami kengayishiga, aholining ijtimoiy ehtiyojmand ayrim toifalariga qo‘shimcha qulayliklar yaratilishi hamda ularning ishga joylashishga doir huquqlari kafolatlanishiga xizmat qiladi.
N.Abduraimova, N.Haydarov (surat), O‘zA