O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi tomonidan 2020 yil natijalari hamda Prezidentimizning Oliy Majlisga Murojaatnomasi va 2021 yilgi Davlat dasturida belgilangan ustuvor yo‘nalish va vazifalar yuzasidan matbuot anjumani o‘tkazildi.
Suv ta’minoti va oqova suv tizimi istiqbolini belgilash va rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Rustamjon Sattorov amalga oshirilgan ishlar yuzasidan ma’lumot berdi.
Ta’kidlanishicha, respublika aholisi tomonidan muqaddam foydalanilgan, hozir yaroqsiz holatda bo‘lgan ichimlik suvi inshootlari va suv tarmoqlari o‘rganilganda, 2 ming 140 ta aholi yashash punktida 1 ming 651 ta suv inshooti va 6 ming 468 km suv tarmog‘i nosoz holatda bo‘lganligi aniqlangan.
Ushbu nosozliklar o‘z vaqtida bartaraf etilmaganligi, jamoatchilik tomonidan e’tibor berilmaganligi sababli, ushbu hududlarda istiqomat qiladigan 7 milliondan ortiq aholining ichimlik suvi bilan ta’minlanishida muammolar yuzaga kelmoqda.
Mamlakatimizning olis hududlarida istiqomat qiladigan va markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanmagan, aholisi soni 2 ming nafardan kam bo‘lmagan aholi punktlari ro‘yxati shakllantirildi.
Ayni paytda ushbu qishloqlarni ichimlik suvi bilan ta’minlash bo‘yicha jadal ishlar olib borilmoqda.
Birgina Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumani aholisining ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash bo‘yicha “Oqsuv-Dehqonobod” loyihasiga qo‘shimcha 50 milliard so‘m ajratilgan. Loyiha joriy yil mart oyida nihoyasiga yetkazilishi rejalashtirilgan bo‘lib, Dehqonobod tumanining 78 foiz yoki 116 ta qishloqdagi 112,8 mingdan oshiq aholi xonadoniga suv kirib boradi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA