So‘nggi yillarda mamlakatimizda huquqiy tizimni tubdan isloh qilish, jamiyatda aholining huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish borasida samarali ishlar amalga oshirilmoqda. Ushbu ustuvor vazifani amalga oshirishda inson, uning huquq va erkinliklari oliy qadriyat ekanligini e’tirof etilib, jamiyatda fuqarolarning huquqiy savodxonligi darajasini oshirishga to‘sqinlik qiluvchi tizimli muammo va kamchiliklar bartaraf etilmoqda.
Xususan, aholining huquqiy ongi, ijtimoiy faolligi va fuqarolik mas’uliyatini oshirish, jinoyat sodir etilishiga sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan ijtimoiy muammolarni hal etish hamda ushbu faoliyatga keng jamoatchilikni jalb etish muhim ahamiyat kasb etmoqda. Shu bilan birga, mazkur islohotlar doirasida amalga oshirilayotgan ishlar huquqbuzarliklar profilaktikasi va ularning oldini olish, shuningdek, fuqarolarga yuksak huquqiy madaniyat va qonunga hurmat tuyg‘usini singdirish borasidagi huquqiy mexanizmlarni yanada takomillashtirish zarurligini ko‘rsatmoqda.
Ta’kidlash lozimki, mamlakatimizda jinoyatchilikka qarshi kurashish va huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha keng olib borilayotgan islohotlar doirasida aholining tinch va osoyishta hayotini ta’minlash hamda jamoat xavfsizligi madaniyatini shakllantirish bo‘yicha ijobiy natijalarga erishilmoqda. Shundan kelib chiqib, mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini oshirish yuzasidan yaqinda qabul qilingan “2025 yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida“gi Prezident qarori ushbu yo‘nalishdagi vazifalarni belgilovchi muhim hujjat bo‘ldi. Unda kriminogen vaziyat og‘ir mahallalarda ilmiy-amaliy yondashuvlar asosida joylarga chiqqan holda maqsadli o‘rganishlarni o‘tkazish orqali huquqbuzarliklarga sabab bo‘layotgan asl omillarni aniqlash va barham berish bo‘yicha tashkiliy-huquqiy choralarni ko‘rish belgilandi.
Shuningdek, mahallalarda yoshlar, ayollar va ishsizlar tomonidan, shuningdek, oila-turmush munosabatlari doirasida sodir etiladigan jinoyatlarning oldini olishda «mahalla yettiligi» har bir vakilining aniq mas’uliyatini belgilash, ushbu toifadagi huquqbuzarliklar profilaktikasiga yangicha ish uslublarini tatbiq qilish qarorda ko‘rsatib o‘tildi.
Qarorga asosan, mahallalarda jinoyatchilikning barvaqt oldini olish bo‘yicha har bir mas’ul idora va muassasa tomonidan amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarning natijalari yuzasidan qat’iy so‘rov tizimini yo‘lga qo‘yish hamda ushbu masalaga mas’uliyatsizlik bilan yondashgan rahbarlarga ta’sir choralarini ko‘rib borish belgilandi.
Xulosa o‘rnida ta’kidlash lozimki, aholining huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish hamda qonunga hurmat ruhini shakllantirishda ularga berilayotgan huquqiy ta’lim va tarbiyani rivojlantirish, shuningdek, ushbu faoliyatda ishtirok etuvchilar sohasini takomillashtirish muhim ahamiyatga ega.
Dildora Bozorova,
Toshkent davlat yuridik universiteti professori.