English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Aholining huquq va manfaatlari himoyada
18:08 / 2025-08-16

Xalq deputatlari Toshkent viloyati Kengashining navbatdagi o‘n sakkizinchi sessiyasida aholi turmushi uchun muhim bo‘lgan qaror qabul qilindi.

Unga ko‘ra, viloyatning bir qator tuman va shaharlarida yashovchi 218 nafar fuqaroning uy-joyga bo‘lgan huquqlari qonuniy tartibda e’tirof etildi. Mazkur qarorning amalga oshirilishi natijasida fuqarolar va tadbirkorlarning mulklari qonuniylashtiriladi. Bu esa mulkiy va meros masalalari yuzasidan yuzaga kelayotgan ayrim nizolarga chek qo‘yishga xizmat qiladi.

Eng asosiysi, uy-joyga egalik huquqining rasman tasdiqlanishi odamlarning hayotida yanada qulaylik va xotirjamlikni ta’minlaydi. Yangi hujjat kelgusida doimiy ro‘yxatga qo‘yish, meros ishlarini rasmiylashtirish hamda notarial harakatlarni amalga oshirish uchun ishonchli huquqiy asos bo‘ladi.

Ushbu natijalarga erishishda Toshkent viloyati adliya boshqarmasi va mas’ul idoralarning tizimli mehnati muhim o‘rin tutdi.

– Bu qaror orqali fuqarolar o‘z mulkiga qonuniy asosda egalik qiladi. Bu nafaqat huquqiy, balki ijtimoiy adolatni ham ta’minlaydi. Adliya  boshqarmasi, tuman va shahar adliya bo‘limi xodimlari ham  aholining uy-joyga bo‘lgan huquqlarining tiklanishiga katta hissa qo‘shdi. Mustaqilligimizning 34 yilligi bayrami arafasida bu kabi ishlar yurtdoshlarimizga o‘ziga xos sovg‘a bo‘ldi, – deydi Toshkent viloyati adliya boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Rashid Mirzahmetov.

Bu kabi qarorlar aholining huquq va manfaatlarini himoya qilish, shu bilan birga viloyatda mulkiy munosabatlarni tartibga solish yo‘lida muhim qadam sifatida baholanmoqda.

A.Musayev, O‘zA