Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Aholining gaz bilan bog‘liq murojaatlari qanday hal etilmoqda?
19:28 / 2023-08-28

Aholi murojaatlari o‘z vaqtida hal etilishi jamiyatda farovonlik va barqarlik oshishini ta’minlovchi muhim omildir. Shu bois bu masala davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan.

Senatda hududlarda, vazirlik va idoralarda aholi murojaatlariga qanday e’tibor qaratilayotgani muntazam o‘rganib borilmoqda. Mas’ullarning bu boradagi axborotlarini senatorlar eshitish asnosida yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha choralarni belgilamoqda.    

Senatning Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasida  jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash, aholi bilan uchrashuvlar va sayyor qabullar tashkil qilish, ko‘tarilgan masala va muammolarni zudlik bilan hal qilish yuzasidan amalga oshirilgan ishlar yuzasidan “Hududgazta’minot” aksiyadorlik jamiyati direktorining axboroti eshitildi.

Qayd etilishicha, 2023 yilning birinchi yarim yilligida “Hududgazta’minot” AJga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasi orqali jismoniy va yuridik shaxslardan jami 25,7 ming murojaat kelib tushgan va ularning 22,4 mingtasi qanoatlantirilgan, 71 tasi rad etilgan.

Eng ko‘p murojaatlar Samarqand, Toshkent, Qashqadaryo, Andijon, Surxondaryo, Farg‘ona viloyatlari va Toshkent shahridan kelib tushgan.

Tizimda murojaatlar bilan ishlash holati borasida jamoatchilik fikrini o‘rganish bo‘yicha 98 tadbir o‘tkazilgan hamda jamoatchilik vakillari oldida 47 marta hisobot berilgan.  

“Hududgazta’minot” va tizim tashkilotlari rahbarlari tomonidan tashkil etilgan shaxsiy qabullarda 7,2 ming va sayyor qabullarda 13,4 ming nafar jismoniy va yuridik shaxslar vakili qabul qilingan.

Qo‘mita a’zolari tomonidan murojaatlarga e’tiborsizlik bilan qarash, ularni chuqur o‘rganmaslik va yuzaki yondashish oqibatida takroriy ariza hamda shikoyatlar soni o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 12 foizga ortganini ta’kidladi.

Shuningdek, murojaatlarda ko‘tarilgan muammolarni ijobiy hal etish ko‘rsatkichlari o‘rganildi. “Hududgazta’minot” AJ va uning Toshkent, Farg‘ona, Samarqand, Sirdaryo, Surxondaryo, Qashqadaryo viloyatlaridagi korxonalarida ushbu ko‘rsatkich 4 –18 foizgacha pasaygan.

Qo‘mita a’zolari aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha qator taklif va tavsiyalar bildirdi.

N.Abduraimova, O‘zA