Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Aholining ertangi kunga ishonchi ortmoqda
15:55 / 2022-07-13

Namangan viloyati Uychi tumanidagi “Balandariq” mahalla fuqarolar yig‘ini tumanning eng katta qishloqlaridan biri Jiydakapada joylashgan.

Ushbu mahallada ayni vaqtda 647 ta xonadonda 985 ta oila, 3 ming 947 kishi istiqomat qiladi. Aholining 2 ming 56 nafarini yoshlar tashkil etadi. 

– To‘rt yildan buyon Balandariq mahallasiga boshchilik qilib kelaman. Yaqinda bo‘lib o‘tgan fuqarolar yig‘ini raisi saylovida 89 foiz aholi ishonch bildirib, yana oqsoqollikka munosib deb topishdi, – deydi Bahromjon Mamazokirov. – Yurtboshimiz aytganday, mahalla raisi – Prezidentning quyi bo‘g‘indagi ustuni. Mahallaning iqtisodiyotini o‘zgartirsak, jamiyatimiz o‘zgaradi. Buning uchun yoshlarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, “Har bir oila – tadbirkor” dasturidan samarali foydalanish kerak. Ushbu muhim vazifalarni amalga oshirishda hokim yordamchisi vazifasida Nuriddin Boltaboyev, xotin-qizlar faoli Nigora Abdullayeva, yoshlar yetakchisi Ruhshona Karimjonova bilan yelkama-yelka ish olib bormoqdamiz. 

Balandariq mahallasida 46 ta tadbirkorlik sub’ekti faoliyat ko‘rsatadi. Mahallada aholi bandligini taminlash, tadbirkorlikni rivojlantirish, kambag‘allikni qisqartirish, jinoyatchilikni oldini olish, tinchlik va jamoat tartibini taminlash ustuvor vazifalar etib belgilanib, bu borada muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Aholi asosan parrandachilik bilan shug‘ullanadi. 

Jaloliddin Boltaboyev xonadonida 60 bosh, Javlonbek Xolmirzayev xonadonida 200 boshdan ortiq tovuq yetishtirib, parvarishlanmoqda. Mahallada “Vodiy ipagi” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli gilam ishlab chiqarish korxonasi mavjud bo‘lib, mahsulotlar asosan xorijga eksport qilinmoqda. Qolaversa, hududda yana bir yirik korxona – “Ak-medikal farm” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan tibbiyot shpritsi va bir martalik tibbiy vositalar ishlab chiqarilmoqda. “Jayxun” tantanalar majmuasi esa mahalla ahlining to‘y va boshqa shodiyonalarida xizmat ko‘rsatadi. 

Tadbirkor Ulug‘bek Inomov esa avtomobillarni yuvish shoxobchasi faoliyatini yo‘lga qo‘ygan. Balandariqliklar doimo odamlarga, ayniqsa, mehrga tashna kishilarga yaxshilikni sog‘inishadi. Saxovat ulashishga intilishadi. Shu boisdan ham ehtiyojmand, boquvchisini yo‘qotgan oilalar mahalla ahlining doimiy e’tiborida. Tuman IIB boshlig‘i – uchinchi sektor rahbari Furqat Mirzayev tashabbusi bilan boquvchisini yo‘qotgan, ikki norasida farzandi bor Nargiza Nishonovaga homiylar ko‘magi bilan uch xonali uy qurilmoqda. 

Xulosa qilib aytganda, nafaqat Uychida, balki viloyatda ham o‘z o‘rni va nufuziga ega bo‘lgan Balandariq mahallasida odamlar kayfiyatida ko‘tarinkilik, shukronalik, eng muhimi ertangi kunga yuksak ishonch mujassam.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA