O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2030 yilgacha bo‘lgan davrda aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori ekologiyani muhofaza qilish hamda aholining ekologik madaniyatini yuksaltirishda muhim ahamiyatga ega bo‘lgan hujjatlardan biridir. Unda barcha aholi qatlamlarining ekologik madaniyatini oshirishga qaratilgan dolzarb maqsad-vazifalar belgilangan.
Shu kunlarda joylarda ekologik madaniyatni oshirishga qaratilgan ushbu qaror mazmuni, ahamiyati keng targ‘ib etilmoqda. Ta’lim muassasalarida tushuntirish-targ‘ibot tadbirlari, davra suhbatlari o‘tkazilmoqda. Ana shunday tadbirlardan biri Toshkent davlat agrar universitetida professor-o‘qituvchi va talabalar ishtirokida tashkil etildi.

Tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Mohira Xo‘jayeva hamda O‘zbekiston Ekologik partiyasi Toshkent viloyat kengashi vakillari ishtirok etib, talaba-yoshlarga aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish Konsepsiyasi mohiyatini batafsil tushuntirdilar.
Qayd etilganidek, mazkur hujjat nafaqat atrof-muhit muhofazasi, balki jamiyatimiz tafakkuri, odatlari va yashash tarzini tubdan yangilash sari tashlangan muhim qadam bo‘ldi. Unda 1,9 million nafar oliy ta’lim tizimi tashkilotlari talabalarida ekologik madaniyatni yuksaltirish ko‘zda tutilgan. Fuqarolik jamiyati institutlari, olimlar, mutaxassislar, xorijiy ekspertlar Konsepsiya va “yo‘l xaritasi”ni samarali amalga oshirishda keng jalb qilinishi belgilangan.

Shuningdek, aholining turli qatlamlari, talabalar va o‘quvchi-yoshlar o‘rtasida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida “Yangi daraxt – yangi nafas” respublika ekochempionatini o‘tkazish, har oyda bir marotaba “Mahallani chiqindidan xoli hududga aylantiramiz” shiori ostida aksiyalar, tashviqot tadbirlarini tashkil etish vazifalari o‘z aksini topgan. Bu kabi chora-tadbirlar har qanday yoshdagi yurtdoshlarimizning ekologik madaniyatini yuksaltirishga, atrof-muhitni asrab-avaylashga xizmat qiladi.
Shuningdek, tadbirda joriy yilgi Davlat dasturida ekologiya yo‘nalishida belgilangan maqsad-vazifalar haqida ham so‘z bordi. Davlat dasturiga hamohang bo‘lgan ushbu Konsepsiya har bir insonda tabiatga nisbatan mas’uliyatni shakllantirishi alohida ta’kidlandi.
Muhtarama Komilova, O‘zA