Mamlakatimizda aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj, kam ta’minlangan qatlamiga har jihatdan ko‘maklashish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Zero, yiqilganni suyash, yordam qo‘lini cho‘zish, savob uchun xayr ehson qilish xalqimizga xos ezgu fazilatlardan sanaladi.
“Mahalla” xayriya jamoat fondining Farg‘ona viloyati bo‘limi tomonidan kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj, yakka-yolg‘iz qariyalar, chin yetimlar, boquvchisini yo‘qotgan hamda nogironligi bo‘lgan 480 ta oilalarga 168 million 732 ming so‘mlik yordam ko‘rsatilgani fikrimiz dalilidir. Jumladan, 4 nafar fuqaroga nogironlik aravachasi, 372 ta oilaga oziq-ovqat va kiyim-kechak mahsulotlari, 104 nafar fuqaroga 86 million 350 ming so‘m pul ko‘rinishida moddiy yordam ajratildi.
–Viloyatdagi “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi hisob raqamiga joriy yilning 6 oyi davomida 15 milliard 879 million so‘m mablag‘ kelib tushdi, – deydi “Mahalla” xayriya jamoat fondi Farg‘ona viloyati bo‘lim boshqaruvi raisi Bahodirjon Yulbarsov. – Xalq deputatlari viloyat Kengashi qarori va tasdiqlangan ro‘yxatlarga asosan 20 ming 528 nafar ehtiyojmand oilalarga “Temir daftar” va “Ayollar daftari”ga kiritilganlarga moddiy yordam ko‘rsatildi.
Bundan tashqari, kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj, ehtiyojmand, boquvchisini yo‘qotgan oilalar, voyaga yetmagan yetim bolalar, yakka-yolg‘iz qariyalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda tabiiy ofatdan jabr ko‘rgan fuqarolardan tushgan murojaatlarni ijobiy hal etish maqsadida moddiy yordam ko‘rsatish uchun 93,8 million so‘m, “Muruvvat” va “Saxovat” uylaridagi keksalar va ehtiyojmand fuqarolarni hamda sport tadbirlari qatnashchilarini kiyim-kechak mahsulotlari bilan ta’minlash, ko‘zi ojiz nogironligi bo‘lgan shaxslar va keksalarni sog‘lomlashtirish uchun 100 million so‘m mablag‘ sarflandi.
Bir so‘z bilan aytganda, “Mahalla” xayriya jamoat fondi tomonidan amalga oshirilayotgan moddiy va ma’naviy ko‘mak, qo‘llab-quvvatlash ishlari yurtimizda “inson qadri uchun” tamoyili ustuvor bo‘lgan islohotlarning yorqin namunasidir.
M.Sulaymonov, O‘zA