Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Aholining dori vositalariga oid axborotdan xabardorlik darajasi oshiriladi
13:50 / 2024-03-30

Farmatsevtika va kimyo sanoatini xalqaro standartlarni inobatga olgan holda rivojlantirish hamda unga ilg‘or ilmiy-texnika yutuqlari va innovatsiyalarni joriy etish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Senat yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun muhokamasi jarayonida shu haqda gap bordi.  

 Dori vositalarini ishlab chiqaruvchilarga qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratish maqsadida mazkur qonun bilan “Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati to‘g‘risida”gi qonunga dori moddalarini (substansiyalarni) davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibining bekor qilinishini nazarda tutuvchi o‘zgartirish kiritilmoqda.

“Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida”gi hamda “Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati to‘g‘risida”gi qonunlarga dori vositalarini retsept bilan yoki retseptsiz beriladigan dori vositalari toifasiga kiritish tartibini tasdiqlash vakolatini O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi zimmasiga yuklovchi norma kiritilmoqda.

Shuningdek, retseptsiz yoki shifokor retsepti bo‘yicha beriladigan dori vositalari to‘g‘risidagi axborotni ularning tibbiyotda qo‘llanilishiga doir yo‘riqnomalarda hamda tibbiyot amaliyotida qo‘llanilishiga ruxsat etilgan dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnikani davlat reestrida ko‘rsatish talabi joriy etiladi.  

Import o‘rnini bosuvchi kimyoviy mahsulotlarni ishlab chiqarish hajmlarini kengaytirish maqsadida “Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar to‘g‘risida”gi qonunga yuridik shaxslarga IV ro‘yxat doirasida Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan ayrim prekursorlarni tegishli litsenziyalarga asosan ishlab chiqarish va tayyorlash huquqini beruvchi o‘zgartirish kiritilmoqda.  

Senatorlar ma’qullagan qonun aholining va tadbirkorlik subyektlarining tibbiyot amaliyotida qo‘llanilishiga ruxsat etilgan dori vositalari to‘g‘risidagi axborotdan xabardorlik darajasini oshirish, shuningdek, investorlarni jalb etish uchun shart-sharoitlar yaratish hamda kimyoviy mahsulotlar ishlab chiqarishni ko‘paytirishga xizmat qiladi.  

N.Abduraimova, N.Haydarov (surat), O‘zA