O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Aholining alohida turdagi iste’mol mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojlarini kafolatli ta’minlashga hamda iqtisodiyotning ayrim tarmoqlarini yanada qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.
Unga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 31 maydagi "Iste’mol bozorlarida narxlar barqarorligini ta’minlashga va monopoliyaga qarshi choralarning ta’sirchanligini oshirishga doir kqo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi PF-145-son Farmonida va 2023 yil 23 martdagi "Iste’mol bozorlarida narxlar barqarorligini ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi PF-41-son Farmonida keltirilgan tovarlarga bojxona bojining nol stavkasini qo‘llash muddati 2027 yil 1 yanvarga qadar uzaytiriladi.
Belgilangan tartibda shakllantiriladigan ro‘yxatlar asosida O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kiriladigan quyidagi tovarlar 2026 yil 1 yanvardan boshlab bojxona bojidan ozod qilinadi:
a) 2028 yil 1 yanvarga qadar:
elektromobillarni quvvatlantirish stansiyalari, ularning komponentlari va servis infratuzilmasi uchun texnologik asbob-uskunalar;
pilla yigirish va ipak gazlama to‘qish dastgohlarining ehtiyot qismlari, tut daraxti urug‘i va ko‘chatlari, ipak qurtining superelita, elita va sanoat urug‘lari;
b) 2029 yil 1 yanvarga qadar:
respublikada ishlab chiqarilmaydigan nasldor ona baliq, baliq uvuldirig‘i, lichinka hamda inkubatsiya, laboratoriya, intensiv usulda baliq yetishtirish uchun zarur o‘ladigan asbob-uskuna va ularning ehtiyot qismlari, tirik baliq tashuvchi transport vositalari, baliqlar uchun omuxta yem ishlab chiqarish va baliqni qayta ishlash uskunalari;
avtobuslar va elektrobuslarga texnik xizmat ko‘rsatish, diagnostika qilish, yuvib-tozalash va ta’mirlash uchun ishlatiladigan, respublikada ishlab chiqarilmaydigan texnologik asbob-uskunalar, avtobus ehtiyot qismlari, butlovchi buyumlar va materiallar;
v) 2031 yil 1 yanvarga qadar maishiy, qurilish, tibbiyot chiqindilarini utilizatsiya qilish hamda biologik chiriydigan polimer materiallarni ishlab chiqarish korxonalarining texnologik jarayonida foydalaniladigan respublikada ishlab chiqarilmaydigan maxsus texnikalar, texnologik uskunalar, ehtiyot qismlar va butlovchi buyumlar, xomashyo va materiallar.
O‘zA