“Surxondaryo suv ta’minoti” aksiyadorlik jamiyatida ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash yuzasidan o‘tgan yil amalga oshirilgan ishlar va joriy yildagi rejalarga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.
Anjumanda yakunlangan yil viloyatda aholini markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlash darajasi yil boshidagi 65,3 foizdan 67,5 foizga yetkazilgani ta’kidlandi. Iste’molchilarni sifatli obi-hayot bilan ta’minlash darajasining yil sayin o‘sib borayotgani davlatimizning sohaga qaratayotgan e’tibori va hududlarda amalga oshirilayotgan yirik qurilish, rekonstruksiya, modernizatsiya ishlarining samarasi ekani qayd etildi.
– Jumladan, o‘tgan yil barcha manbalar hisobidan vohada 8 ta ichimlik suvi inshooti, 484,2 kilometr ichimlik suvi tarmog‘i, shuningdek, 1 ta oqova suv inshooti va 12,3 kilometr oqova suv tarmog‘i barpo etildi, – deydi “Surxondaryo suv ta’minoti” aksiyadorlik jamiyati direktori O‘ktam Abdulqosimov. – Mavjud infratuzilmani ishonchli holatda saqlash maqsadida 56,3 kilometr tarmoq hamda 194 ta nasos joriy va mukammal ta’mirdan chiqarildi. Inshootlarga 83 ta zamonaviy, energiyatejamkor nasos o‘rnatildi.Shuningdek, avval ko‘cha kolonkalari orqali foydalanib kelgan 10 ming 920 nafar iste’molchining xonadonlariga ichimlik suvi tarmog‘i to‘g‘ridan-to‘g‘ri olib kirildi. Yana 38 ming 473 nafar iste’molchiga zamonaviy suv hisoblash uskunalari o‘rnatildi. Amalga oshirilgan ishlar natijasida 157 ta mahalladagi 65 ming 396 nafar aholi ilk bor markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlandi. Shu bilan birga, 203 ta mahallada istiqomat qiluvchi 484 ming 500 nafar aholining ichimlik suvi ta’minoti sifat jihatdan yaxshilandi.
Viloyatda “To‘palang suv ombori suvidan foydalanish hisobiga Surxondaryo viloyatining ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash” mega loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari davom etmoqda. Loyihaning bosh pudratchisi – “To‘palang HPD Platinum” mas’uliyati cheklangan jamiyati yakunlangan yil 2 trillion so‘mdan ortiq qurilish-montaj ishlarini bajardi. Loyiha boshlanganidan buyon 245,9 kilometr magistral va ichki ichimlik suvi tarmog‘i tortilib, viloyatning o‘nta tumani va Termiz shahriga minerallarga boy ichimlik suvi yetkazib berdi. Ichimlik suvini tozalash, saqlash va taqsimlashga mo‘ljallangan qator zamonaviy inshootlar qurildi. Natijada 144 ta mahallada yashaydigan 563 mingga yaqin aholining ichimlik suvi ta’minoti sezilarli darajada yaxshilandi. Ichimlik suvining sifati oshirilib, qattiqlik darajasi ikki baravargacha kamaytirildi.
O‘tgan yil Termiz tuman suv ta’minoti bo‘limi binosida ichimlik suvi sifati ustidan doimiy nazoratni ta’minlaydigan zamonaviy markaziy laboratoriya ishga tushirildi.
[gallery-27327]
Inshootlarning ekspluatatsion muddatini uzaytirish maqsadida 162 ta suv saqlash hovuzi va 865 ta suv minorasi yuvilib, dezinfeksiya qilindi. 40 ta suv minorasida bo‘yash ishlari amalga oshirildi. Oqova suv tizimida 220,1 kilometr kollektor va ichki tarmoqlar gidrodinamik usulda yuvildi. 8 ta oqova suv nasosi ta’mirlanib, bitta yangi nasos o‘rnatildi. Termiz shahridagi “Shimoliy” suv ishlab chiqarish inshootida o‘rnatilgan 470 kilovatt quvvatli quyosh panellari 514,6 ming kilovatt-soat elektr energiyasini tejadi.
Matbuot anjumanida joriy kuz-qish mavsumiga ko‘rilgan tayyorgarlik ishlari haqida ham atroflicha ma’lumot berildi. Shuningdek, yangi yildagi rejalar to‘g‘risida fikr almashildi.
– Bu yil barcha manbalar hisobidan katta hajmdagi ichimlik suvi quvurlari hamda 30 ta suv inshootni qurish va rekonstruksiya qilish rejalashtirilgan, – deydi anjumanda O‘ktam Abdulqosimov. – 2 ming 39 ta xonadon ko‘cha kolonkasidan markazlashgan ichimlik suvi tarmoqlariga ulanadi. 16 ming 155 ta suv hisoblagich o‘rnatiladi. 58,5 kilometr tarmoq va 150 ta nasos ta’mirlanadi. 29 ta yangi energotejamkor nasos o‘rnatiladi. Aholining ichimlik suvi bilan ta’minlanish darajasi hozirgi 67,5 foizdan 68,8 foizga yetkaziladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, bu yil Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki ishtirokida amalga oshirilayotgan loyiha Muzrabot tumanida markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanish darajasini 51,9 foizdan 89,3 foizga yetkazadi. Germaniya taraqqiyot banki ishtirokida Termiz shahrida quvvati bir kecha-kunduzda 45 ming kub-metr bo‘lgan qiymati 34 million yevro grant mablag‘i evaziga qurilayotgan oqova suv tozalash inshootida ishlar boshlanadi. Ishga tushgach, Termiz shahrida 60 ming 800 kishi ilk bor oqova suv xizmati bilan ta’minlanadi. Qariyb 102 ming aholining oqova suv ta’minoti yaxshilanib, ushbu xizmat bilan qamrab olish darajasi 82,9 foizga yetkaziladi. Saudiya taraqqiyot fondi hamda SUEZ International SAS kompaniyasi ishtirokida amalga oshirilayotgan loyihalar doirasida vohada yuz mingdan ortiq aholini ichimlik va oqova suv bilan ta’minlash rejalashtirilgan.
Joriy yil Sherobod tumanigacha yangi magistral tarmoq tortish, qator tumanlar va Termiz shahrida qo‘shimcha suv saqlash hamda taqsimlash inshootini barpo etish ham rejalashtirilgan.
Matbuot anjumani ishtirokchilari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob oldi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA