Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Aholini uzluksiz energiya manbalari bilan ta’minlash - umummilliy masala
10:58 / 2022-12-25

Bugun insoniyat yangi tahdidlar oldida turibdi. Yer shari aholisi ko‘payishda davom etyapti, tabiiy resurslar zaxirasi esa muttasil ravishda qisqarmoqda. Bunday disproporsiya dunyo mamlakatlarini tang ahvolga solib qo‘yayotgani bor gap. Avvalo, global ekologik muammolarning keskinlashuvini kuzatyapmiz. Buning barobarida aholini energiya bilan ta’minlash masalasi ko‘ndalang bo‘lyapti.

bugungi kunda energiyadan foydalanish hajmi shunchalik kengaymoqdaki, uning kelgusida yanada ko‘payishi biosfera, demakki, kelajakda insoniyatning rivojlanishi uchun ham katta xavf tug‘diradi. Shu sababli butun dunyoda o‘tgan asrning oxirgi o‘n yilidan boshlab, energiyaning qayta tiklanadigan ekologik toza manbalari, avvalo, quyosh va shamol manbalaridan foydalanishga alohida e’tibor qaratila boshlandi. Tadqiqotlardan ma’lum bo‘lishicha, O‘zbekiston uglevodorod energiyasi – neft, gaz, ko‘mirdan foydalanish hisobiga har yili yalpi ichki mahsulotning kamida 4,5 foizini yo‘qotmoqda. Qolaversa, mamlakatdagi energiya ishlab chiqaruvchi quvvatlarning salkam yarmi eskirgan. Ularni tiklash yoki modernizatsiyalash katta mablag‘ni talab qiladi. Buning o‘rniga ham iqtisodiy, ham ekologik jihatdan samarali hisoblangan «yashil energetika»ga o‘tish ming chandon afzal. Axir, butun dunyo shu yo‘lni tanlayapti. E’tiborlisi, O‘zbekiston Markaziy Osiyo davlatlaridan birinchi bo‘lib mazkur harakatga qo‘shildi. Mohiyatan olib qaraganda, uch yil avval qabul qilingan «Yashil iqtisodiyot»ga o‘tish strategiyasi» yurtimizning «yashil taraqqiyot» sari yuz burganini anglatadi.

Quyoshli kunlarga boy O‘zbekistonda qayta tiklanadigan energiya manbalarini o‘zlashtirishga e’tibor kuchaymoqda. Muqobil energiya manbalari bu gidroenergetika, shamol energiyasi, quyosh energiyasi, geotermal energiya, biomassa va suv oqimi energiyasidan foydalanish orqali olinadigan qayta tiklanadigan energiyadir. Neft, tabiiy gaz, ko‘mir va uran rudasi kabi qazib olinadigan yoqilg‘idan farqli o‘laroq, bu energiya manbalari tugamaydi, shuning uchun ular qayta tiklanadigan, deb ataladi. Birgina 2019 yilning o‘zida butun dunyo bo‘ylab umumiy quvvati 200 GVt bo‘lgan qayta tiklanadigan energiya manbalari (TEM) ob’ektlari o‘rnatildi.

O‘zbekiston - organik yoqilg‘ilarning barcha turlarini ishlab chiqarish hajmidan uch barobar oshadigan katta miqdordagi qayta tiklanadigan energiya salohiyatiga ega mamlakat. O‘zbekistonda quyosh energiyasidan foydalanadigan texnologiyalar katta istiqbolga ega. Chunki qayta tiklanadigan energiyaning ushbu turidan butun mamlakat hududida yil davomida foydalanish mumkin. Quyosh energiyasidan foydalanishni ko‘paytirish mamlakatning, ayniqsa, borish qiyin bo‘lgan va olis qishloq tumanlarida elektr hamda issiqlik energiyasiga bo‘lgan ehtiyojni bemalol qondirib, katta hajmdagi tabiiy gazni eksport ehtiyojlari uchun yo‘naltirish imkonini berishi mumkin.

To‘g‘ri, qishning qirovli bugungi kunlarida O‘zbekistonda elektr ta’minoti borasida muayyan qiyinchiliklarga duch kelinmoqda. Bu, ayniqsa, aholining yarmidan ko‘pi istiqomat qiladigan qishloq joylarida nisbatan sezilarliroq. Elektr stansiyalar, energiya yetkazib beruvchi va taqsimlovchi tarmoqlarni modernizatsiya hamda rekonstruksiya qilish mamlakatda sanoatni rivojlantirishning ustuvor vazifalaridan hisoblanadi. Qayta tiklanadigan energetikani rivojlantirish energiya bilan ishonchli ta’minlab, energiya yetkazib berishdagi yo‘qotishlarni ancha kamaytirgan holda, olis aholi punktlarini energiya tizimiga ulash uchun uzoq masofali elektr uzatish liniyalarini barpo etish zaruratidan qutulishga yordam beradi.

Joriy yilning 20 dekabr kuni Prezidentimizning Oliy Majlisga va xalqimizga yo‘llagan Murojaatnomasida ham ushbu dolzarb masalaga to‘xtalib, mavjud muammolar, ularni yechish yo‘llari va vazifalarni belgilab berildi. Ochiq aytish kerak, dedi davlatimiz rahbari, energetika sohasidagi muammolar bugun paydo bo‘lib qolgani yo‘q. Ko‘p yillar davomida yangi gaz konlariga investitsiya kiritilmagani, elektr va gaz tarmoqlari modernizatsiya qilinmagani ham ayni haqiqat. Oqibatda tizimda aniq hisob-kitob yo‘qligi, katta yo‘qotishlar oddiy holga aylanib qolgan edi.

Shu bilan birga, so‘nggi olti yilda aholi soni 13 foizga, sanoat korxonalari esa 2 barobar ortib, 45 mingdan 100 mingtaga ko‘paydi. Natijada elektr energiyasiga talab kamida 35 foiz oshdi va yildan-yilga ko‘payib bormoqda. Iqtisodiyotimiz barqaror rivojlanishi uchun energetika sohasiga 25-30 milliard dollar investitsiya kerak. Bunga faqatgina xususiy investitsiyalarni jalb qilish orqali erishish mumkin.

Shu bois, so‘nggi uch yilda sohaga 8 milliard dollarlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar jalb qilindi. Jumladan, dekabr oyi boshida Buxoro, Namangan va Xorazmda quvvati 500 megavattli yana 3 ta quyosh stansiyasini qurish bo‘yicha tanlov yakunlandi.

Yil boshidan quvvati 1,5 ming megavattli 7 ta elektr stansiyasi ishga tushdi. Kelgusi yilda yana 4,5 ming megavattli 11 ta yirik loyiha yakuniga yetadi. Jumladan, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Samarqand, Farg‘ona va Toshkent viloyatlarida barpo etiladigan quyosh va shamol elektr stansiyalari hisobidan qo‘shimcha 14 milliard kilovatt elektr ishlab chiqariladi. Bu orqali xonadonlarga beriladigan elektr energiyasi 50 foizga ko‘payadi.

Shu bilan birga, kichik hajmdagi qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish keskin oshiriladi. Misol uchun, Toshkent viloyatida Olmaliq, Bekobod kombinatlari va boshqa yirik korxonalar o‘z ehtiyojlari uchun ming megavattli quyosh elektr stansiyalarini o‘rnatsa, yiliga 2,5 milliard kilovatt soat elektr ishlab chiqariladi. Bu orqali Toshkent viloyatining qariyb 30 foiz elektr iste’moli ta’minlanadi va 500 million kub metr gaz tejaladi. Respublikaning har bir tuman va shahridagi xonadon va korxonalarda jami 5-10 megavattli qayta tiklanuvchi energiya loyihalar amalga oshiriladi.

Afsuski, iqtisodiyotimizda energiya sarfi boshqa davlatlardan 2 barobar yuqori. Shuning uchun Prezidentimiz energiya samaradorligini oshirish Milliy dasturini qabul qilish taklifini ilgari surdi. Demak, bu masala ham deputatlar zimmasiga ulkan mas’uliyat yuklaydi. Biz deputat va faollar, senatorlar dasturni ishlab chiqishda o‘z takliflarimiz bilan faol ishtirok etishimiz kerak.

Shubhasiz, energetika inson va jamiyat hayotida muhim o‘rin tutadi, ularning turli ehtiyojlarini qondirish imkoniyatlarini ko‘paytirish imkonini beradi. Bir so‘z bilan aytganda, qayta tiklanadigan muqobil energiya manbalari mamlakat energiya xavfsizligini ta’minlash, energiya samaradorligini oshirish va iqtisodiyot tarmoqlarini barqaror energiya bilan ta’minlash ishiga xizmat qiladi.

 

Tashpo‘lat MATIBAEV,

Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi

raisi o‘rinbosari,

O‘zbekiston «Adolat» SDP Mirobod tumani Kengashi raisi