“Surxondaryo suv ta’minoti” aksiyadorlik jamiyati joriy yilning o‘tgan davrida bajarilgan ishlar va kelgusi rejalarga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazdi.
Markaziy va mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillari, ijtimoiy tarmoq faollari ishtirok etgan tadbirda “Surxondaryo suv ta’minoti” aksiyadorlik jamiyati rahbari O‘tkir Abdulqosimov aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash va oqova suv tarmoqlarini tubdan yaxshilash yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar haqida atroflicha ma’lumot berdi.
Qayd etildiki, vohada aholining 1 million 958 nafari yoki viloyat aholisining 66,5 foizi markazlashgan ichimlik suv bilan ta’minlangan. 724 ta mahalladan 73 tasi to‘liq va 575 tasi qisman ichimlik suvi bilan ta’minlangan bo‘lib, 76 ta mahallaga markazlashgan ichimlik suvi yetib bormagan.
Yilning o‘tgan davrida 232,5 kilometr ichimlik suvi tarmog‘i qurilib, ishga tushirilgan. Jumladan, shu yilga mo‘ljallangan ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi doirasida 19 ta ichimlik va oqova suv ob’ektlarida qurilish-montaj ishlari uchun 689 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ ajratilib, 215,1 kilometr suv tarmog‘i, 9 ta inshootni barpo etish hamda rekonstruksiya qilishga yo‘naltirilgan. Yilning o‘tgan davrida Davlat dasturlari hisobidan 650,6 milliard so‘m moliyalashtirilib, 299,2 milliard so‘mi o‘zlashtirilgan. 112,2 kilometr ichimlik suv tarmog‘i, 4 dona suv inshooti qurilgan. Shuningdek, mahalliy byudjet, aksiyadorlik jamiyati, homiylik va aholi mablag‘lari hisobidan 120,3 kilometr ichimlik suv tarmog‘i barpo etilgan.
–Iste’molchilarni sifatli obi-hayot bilan ta’minlashga qaratilgan bu ishlar 94 ta mahalladagi 33 ming 965 aholining ilk bor markazlashgan ichimlik suviga ehtiyojini qoplab, 59 ta mahalladagi 25 ming 192 iste’molchining ichimlik suvi ta’minotini yaxshiladi,–deydi O‘tkir Abdulqosimov.– Natijada viloyat aholisini markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlash darajasi yil boshidagi 65,3 foizdan 66,5 foizga yetdi. Yil oxirigacha “To‘palang” daryosi suvi bilan ta’minlash mega loyihasining foydalanishga topshirilishi aholining toza ichimli suvi bilan ta’minlanish darajasini yanada oshiradi.
Ayni paytda viloyatning Termiz shahri, Angor, Boysun, Denov, Jarqo‘rg‘on, Qumqo‘rg‘on va Sariosiyo tumanlarida 245,5 kilometr oqova suv tarmog‘i mavjud. Bu tarmoqlarga aholining 6,3 foizi ulangan. Oqova suv tozalash inshootlarining sutkalik quvvati 64 ming kub-metrni tashkil etadi. Yilning o‘tgan davrida 10,1 kilometr oqova suv tarmoqlarida qurilish-montaj ishlari olib borildi.
Tadbirda Majburiy ijro byurosi Surxondaryo viloyat boshqarmasi katta inspektori Qobiljon Tursunov sudlarning ijro hujjatlari asosida ichimlik suvi ta’minoti korxanalari foydasiga undirilayotgan qarzdorliklar to‘g‘risida ma’lumot berdi.
[gallery-24671]
–Yilning o‘tgan davrida aholidan iste’mol qilingan suv uchun qarzdorliklarni undirish bo‘yicha 7 milliard so‘mlik 6 ming 500 ga yaqin ijro hujjatlari yuzasidan majburiy ijro harakatlari amalga oshirildi,¬–deydi Qobiljon Tursunov. –Hisobot davrida 5 ming 622 ta ijro ishi bo‘yicha suv ta’minoti korxonalari foydasiga 5 milliard 864 million so‘m qarzdorlik undirib berildi. Ichimlik suvidan bo‘lgan qarzdorlik o‘z vaqtida amalga oshirilsa, ta’minotchi korxonalarning yanada sifatli xizmat ko‘rsatishida muhim ahamiyat kasb etadi. Aks holda qarzdorlikni undirish sudlarga oshirilsa, iste’molchidan davlat boji va boshqa yig‘imlar undiriladi. Bu ham ozmi, ko‘pmi iste’molchilarining oilaviy byudjtiga o‘z ta’sirini o‘tkazadi.
Matbuot anjumanida oqova suv tarmoqlarini rekonstruksiya qilish, quvvatini oshirish, joriy yilning ikkinchi yarmida bajariladigan bunyodkorlik ishlari to‘g‘risida ham atroflicha fikr almashildi. Ishtirokchilarning taklif va tavsiyalari tinglanib, ularni qiziqtirgan savollarga javob berildi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri