Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Aholini sil kasalligidan muhofaza qilishda jamoatchilik nazoratini ta’minlash zarur
16:29 / 2025-12-25

Senatning Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi majlisida sil kasalligining oldini olish bo‘yicha ishlab chiqilgan qonunchilikka takliflar mas’ul vazirlik va idoralar, fuqarolik jamiyati institutlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida muhokama qilindi.

Qayd etilganidek, 2001 yilda qabul qilingan “Aholini sil kasalligidan muhofaza qilish to‘g‘risida”gi qonun ftiziatriya yo‘nalishida amalga oshirilgan islohotlar natijasida qator o‘zgartirishlar kiritishni talab etmoqda.

Xususan, silga qarshi kurash muassasalarida davolanish uchun elektron navbat bo‘yicha yo‘llanma olish tizimi sil kasalligining yuqumli shakliga chalingan bemorlarni ushbu muassasalarga erta joylashtirish imkoniyatini cheklab qo‘ymoqda.

Bundan tashqari, bugungi kunda amalda qo‘llanilayotgan sil kasalligini diaskintest va gamma-interferon yordamida aniqlash usullari, sil kasalligining so‘nggi bosqichida (terminal) bemorlarga kerak bo‘ladigan, kasallikning og‘ir alomatlarini yengillashtirish, bemorning hayot sifatini yaxshilash, ruhiy va ijtimoiy muammolarini hal etishga qaratilgan palliativ tibbiy yordam ko‘rsatish qonunda aks etmagan. Shuningdek, ushbu sohada davlat organlari va tashkilotlarining vakolatlari hamda fuqarolik jamiyati institutlarining ishtiroki ham ko‘rsatilmagan.  

Senatorlar ta’kidlaganidek, ishlab chiqilgan takliflar qonunni yanada takomillashtirish, aholini sil kasalligidan kompleks himoya qilish va sifatli davolash tizimini yaratishga hamda mazkur kasallikdan muhofaza qilishda jamoatchilik nazoratini ta’minlashga xizmat qiladi.

Muhokama yakunida qonunchilik taklifi sifatida Qonunchilik palatasiga kiritiladigan masala bo‘yicha Senat kengashiga taklif berish yuzasidan kelishib olindi.

N.Abduraimova, O‘zA