“Aholini ro‘yxatga olish to‘g‘risida”gi qonunda aholini kamida har 10 yilda, qishloq xo‘jaligini esa har 5 yilda ro‘yxatga olish belgilangan. 2021 yilda aholi va 2022 yilda qishloq xo‘jaligi sinov tariqasida ro‘yxatga olingan. To‘liq ro‘yxatga olishni amalga oshirish uchun zarur texnik, huquqiy asoslar va boshqa omillarga tayyorgarlik ishlab chiqilganidan so‘ng ushbu tadbir 2026 yilga ko‘chirilgan.
“O‘zbekiston Respublikasida aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbirini o‘tkazish to‘g‘risida”gi Prezident farmoniga ko‘ra, 2026 yil 15 yanvardan 28 fevralga qadar aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbiri o‘tkaziladi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi tomonidan tashkil etilgan seminarda aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olishning ahamiyati atroflicha muhokama qilindi.

Qayd etilganidek, aholini ro‘yxatga olish jarayonining qishloq xo‘jaligi bilan uyg‘un holda amalga oshirilishi muhim strategik ahamiyatga ega. Xarajatlarni sezilarli darajada qisqartirish, vaqtni tejash va so‘rovlarni maqbullashtirish imkonini beradi. Shu bilan birga, ma’lumotlarning to‘liqligi va sifatini oshiradi.
Ro‘yxatga olish jarayoni 3 ta bosqichda tashkil etiladi. Dastlabki 17 kun davomida aholiga internet orqali ma’lumotlarni kiritish imkoniyati yaratiladi. Bunda fuqarolar census.stat.uz portali orqali OneID tizimi yordamida ro‘yxatdan o‘tadi. Aholi o‘zi va oila a’zolari to‘g‘risidagi savolnomani mustaqil to‘ldirishi mumkin bo‘ladi.
Keyingi bir oy mobaynida esa “mahalla yettiligi” a’zolari ishtirokida uyma-uy yurib, ma’lumotlar yig‘iladi.

Shuningdek, jarayonni muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun “mahalla yettiligi” a’zolari maxsus dasturlar asosida tayyorlanadi va ularning faoliyati rag‘batlantiriladi.
Ro‘yxatga olish jarayonlari yakunlangandan so‘ng ma’lumotlarni qayta ishlash va tahlil qilish bosqichi boshlanadi. Natijalar Yevropa statistiklar konferensiyasining tavsiyalariga muvofiq umumlashtiriladi.

Shu tariqa mamlakatimiz aholisining demografik tarkibi, migratsiya jarayonlari, oilaviy holati, faoliyat turlari va daromad manbalari to‘g‘risida yagona ma’lumotlar bazasi shakllanadi, qishloq xo‘jaligi yerlaridan foydalanish, chorvachilik va parrandachilik sohasiga oid ko‘rsatkichlar aniqlanadi.
Seminarda ro‘yxatga olish jarayonlari haqida fikr-mulohazalar bildirilib, aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish ishlarini samarali tashkil qilish bo‘yicha taklif-tavsiyalar ishlab chiqildi.
Muhtarama Komilova, O‘zA