Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Aholini oziq-ovqat mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlash: oqilona yechim, uzoqni ko‘ra olish va qat’iyatli qarorlar foyda beradi
15:54 / 2022-06-03

Butun dunyo, butun odamzod yashab qolish uchun kurashadi va albatta, bozorga murojaat qiladi. Bozorda kimga – don, kimga – non kerak, lekin narx-navo bilan hisoblashish shart hammaga! Bozorda esa bunday «qaysar qoidalar» yetarlicha. Hozirgidek, jahonda oziq-ovqat tanqisligi sabab va yemish xavfsizligi uchun jiddiy kurash borayotgan davrda bunaqa qoidalar ko‘payishi tabiiy. Bu yog‘iga faqat oqilona yechim, uzoqni ko‘ra olish va qat’iyatli qarorlar foyda beradi, xolos.

31 may kuni Prezidentimiz raisligida o‘tgan selektor yig‘ilishini kuzatib, shu haqiqatga yana bir bor amin bo‘ldim. Aholini oziq-ovqat mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlash masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlarini ko‘paytirish, parrandachilik va chorvachilikni qo‘llab-quvvatlash masalalari muhokama etildi. 

Davlat rahbari yig‘ilishda masalaning alohida jihatiga to‘xtalib o‘tgani barchani o‘ylantirishi tabiiy. Ya’ni, dunyoda oziq-ovqat bilan bog‘liq cheklovlar va narxlarning beqarorligi kuchaygan. Jahon bozorida bug‘doy, o‘simlik yog‘i, kartoshka, go‘sht, shakar kabi asosiy oziq-ovqat mahsulotlari, hatto yemish narx-navosiga ta’sir o‘tkazadigan xomashyo – neftning ham narxi birmuncha oshdi. Albatta, bu holat mintaqamiz, xususan, yurtimizdagi narx-navoga ham ta’sir ko‘rsatadi. 

Bunday sharoitda ichki mahsulot yetishtirish hajmini oshirish va eksport sohasida ma’lum tadbirlar qo‘llash zarur bo‘ladi. Masalan, arzon, to‘yimli va tez yetishtiriladigan mahsulotlar hisoblangan parranda go‘shti va tuxum hajmi ba’zi hududlarimizda aholi talabiga yarasha emas. Yana bir muammo, parrandachilikni zarur ozuqalar, don bilan ta’minlashda ham qiyinchiliklar bor. 

Prezidentimiz muammoga oqilona yechim belgiladi. Ya’ni, 1 iyundan boshlab parrandachilik xo‘jaliklariga don (bug‘doy) sotib olish uchun 0,4 trillion so‘m «revolver» kredit ajratish va tegishli davlat jamg‘armasi orqali kredit garovining teng yarmiga kafillik bergan holda, 17 foizidan oshgan qismini kompensatsiya qilish. Qo‘shimchasiga ularga aylanma mablag‘ uchun beriladigan kredit muddatini uzaytirish. 

Shaxsan menga yoqqani, Prezident bu sohada ishlab chiqarishdan to sotishgacha bo‘lgan barcha jarayonni raqamlashtirish haqida topshiriq berdi. Sababi, yuqoridagi kabi ustun imtiyozlar qo‘llanilishi besamar ketmasligi, e’tiborga yarasha aniq natija bo‘lishi kerakligini ta’minlovchi yana bir qat’iyatli qaror shu bo‘ldi. 

Endi uzoqni ko‘ra bilib qo‘llanilgan tadbirlar haqida ikki og‘iz.  

O‘zbekistonda oziq-ovqat ta’minotining uzluksizligi doimiy e’tiborda. Jami 22 turdagi asosiy oziq-ovqat (go‘sht, baliq, sut mahsulotlari, meva, o‘simlik yog‘i kabi) mahsulotlarini olib kirishga nisbatan shu yil 1 maygacha joriy etilgan bojxona bojlaridan ozod qilish imtiyozi 2023 yil 1 yanvarga qadar uzaytirildi. Shuningdek, oziq-ovqatni import qilishda bojlarni oshirilgan stavkada qo‘llash to‘xtatib turiladi. Davlat xaridlarida esa oziq-ovqat mahsulotlari importi bo‘yicha cheklovlar vaqtincha bekor qilinadi. Bozorda narx-navoni asossiz ravishda oshirish va raqobat qoidalarini buzishga nisbatan Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining vakolatlari kengaytiriladi.  

Qolaversa, «yeyish uchungina yashab yurgan» ayrim nohalol raqobatchilar, narxlarni asossiz ravishda oshiruvchi insofsiz tadbirkorlar tutumiga qarshi qat’iy choralar ko‘rish davlatga ham, jamiyatga ham foyda keltiradi. Bunday tadbirlarning, ayniqsa, xalq uchun foydasi va natijasini aqli bor odam anglashi qiyin emas. 

Aslida, aholini oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash, oziq-ovqat xavfsizligi va bozordagi narx-navoni maqbullashtirish yo‘lida uzoqni ko‘zlab qator qonunchilik hujjatlari qabul qilingan. 2019 yilda qator xalqaro tashkilotlar va ekspertlar ishtirokida ishlab chiqilgan va O‘zbekiston Prezidentining 5853-sonli farmoni bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga mo‘ljallangan strategiyasi shu sohada dasturilamal bo‘lib xizmat qilyapti. Unga ko‘ra, oziq-ovqat xavfsizligining to‘rt tarkibiy qismi (oziq-ovqatning mavjudligi, uni xarid qilish qobiliyati, undan foydalanish va uning barqarorligi) sohaviy davlat siyosati ishlab chiqilib, amalga oshirilmoqda.

Qolaversa, so‘nggi 5-6 yil ichida Prezident tomonidan yigirmaga yaqin muhim hujjat hayotga tatbiq etildi. Ularda mahalliy oziq-ovqat mahsulotlari turlarini ishlab chiqarishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, aholini sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan to‘laqonli ta’minlash, narx-navoning oshib ketishi, inflyatsiya va aholining real daromadlari tushib ketishiga olib keluvchi omillar shakllanishiga yo‘l qo‘ymaslik singari tashkiliy va ijtimoiy-iqtisodiy chora-tadbirlar belgilangan. O‘z navbatida, bu bo‘yicha Hukumatning ham o‘ttizdan ortiq hujjati qabul qilingani masala qanchalik jiddiy e’tiborda ekanini ko‘rsatadi. 

Xulosa o‘rnida fakt. BMT ma’lumotiga ko‘ra, Yer yuzida aholining 40 foizi aynan qishloq xo‘jaligi va tomorqadan tirikchilik qiladi. Hozirda dunyoda 850 million nafarga yaqin odam ochlik bilan kurashyapti. 2050 yilga borib bu raqam 2 milliard kishiga yetishi prognoz qilingan. Ularning salkam 13 foizi rivojlanayotgan mamlakatlarda yashaydi. 5 yoshgacha bolalar o‘limining 45 foizi aynan to‘yib ovqat yemaslik natijasi ekani juda achinarli...  

Shunday ekan, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, mahalliy va tashqi bozorda oziq-ovqat ta’minoti barqarorligiga aloqadar har qanday muammo birinchi darajali masala bo‘lib qolaveradi.  


 
Umid JABBOROV,
«Milliy tiklanish» demokratik partiyasi fraksiyasi a’zosi
O‘zA