Ayni kunlarda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari o‘zi saylangan okruglarda bo‘lib, aholi bilan muloqotlar o‘tkazmoqda.
O‘rganishlar jarayonida xalq vakillari aholi manfaatlari bilan bog‘liq ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni tahliliy o‘rganishga, takliflar ishlab chiqib, qonunchilikda aks ettirishga alohida e’tibor qaratishmoqda.
Xususan, Qonunchilik palatasi deputati Farhod Zayniyev Qashqadaryo viloyati Qarshi shahridagi «Aralovul», «Gungon» va «Qavali» mahallalarida mahalliy hokimlik vakillari ishtirokida aholi bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.
Dastlab, deputat davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan mamlakatimizning barcha mahallalarida yaqinda ish boshlagan hokim yordamchisi va yoshlar yetakchisi tomonidan hududda tadbirkorlik muhitini rivojlantirish, kambag‘allikni qisqartirish va yoshlarning bandligini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar «Aralovul» mahallasi misolida ularning faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Shundan so‘ng 2022 yilda «Obod mahalla» dasturiga binoan «Gungon» mahalla fuqarolar yig‘inida rejalashtirilgan qurilish, ta’mirlash hamda obodonlashtirish ishlarini sifatli va samarali amalga oshirilishida jamoatchilik nazoratini kuchaytirish masalalari mahalla faollari ishtirokida muhokama qilindi.
Uchrashuvlar davomida aholi murojaatlari ham tinglandi. Shuningdek, ularni ko‘p yillardan buyon qiynab kelayotgan muddat va mablag‘ talab etiladigan aksariyat muammoli masalalar bo‘yicha mutasaddi tashkilotlar bilan birga tegishli vazifalar belgilanib, hal etilishi nazoratga olindi.
Xalq vakilining hududdagi o‘rganishlari davom etmoqda.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Axborot xizmati.
O‘zA