Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Aholini konsert-tomosha tadbirlariga “mahallabay” jalb etish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” tasdiqlandi
15:57 / 2024-10-16

Senatning Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda Madaniyat vaziri o‘rinbosarining aholini konsert-tomosha tadbirlariga “mahallabay” tamoyili asosida muntazam jalb etish yuzasidan axboroti eshitildi.

Aholining teatrlarga tizimli tashriflarini yo‘lga qo‘yish maqsadida har oyning bir kuni “Teatr kuni” deb belgilangan. Vazirlik tizimidagi 40 ta teatr tomonidan joriy yilning olti oyi davomida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri bo‘ylab 76 ta gastrol safari tashkil etilgan. Ushbu gastrollar doirasida teatr spektakllari seanslariga 50 mingdan ortiq tomoshabin tashrif buyurgan.

Bugungi kunga qadar 40 ta vazirlik va idora, hokimliklar bilan 150 ta shartnoma tuzilgan hamda 2024 yilning o‘tgan davri mobaynida teatrlarga 118 ming tomoshabin jalb qilingan. O‘zbekiston davlat filarmoniyasi tasarrufidagi 7 ta badiiy jamoa tomonidan respublika bo‘ylab 20 ta konsert-tomosha tadbiri o‘tkazilgan.

O‘zbek milliy maqom san’ati markazi va uning hududiy bo‘limlari tomonidan 102 ta mahallada milliy mumtoz musiqa kechalari tashkil etilgan hamda 13 ta korxona va tashkilotlarga gastrol safarlari amalga oshirilgan. Mazkur musiqa kechalari orqali 5,5 ming kishiga bepul madaniy xizmat ko‘rsatilgan.

Turizm ob’ektlarida ijodiy jamoalar tomonidan 235 ta teatrlashtirilgan konsert-tomosha dasturi tashkil qilinib, ularga 7,5 ming fuqaro hamda 2,7 ming xorijiy sayyoh jalb etilgan.

Muhokama jarayonida sohada olib borilgan ishlar bilan bir qatorda ayrim kamchiliklar borligi ham qayd etildi. Jumladan, Prezidentning tegishli qarorlarida belgilangan ayrim vazifalar ijrosi kechiktirilayotgani ta’kidlandi. Xususan, konsert-tomosha faoliyati ishtirokchilarining yagona onlayn portali, “Onlayn madaniyat markazi” platformasi hamda ommaviy madaniy va konsert-tomosha tadbirlari o‘tkaziladigan ob’ektlarni ijaraga berish jarayonlarini raqamlashtirishni nazarda tutuvchi axborot tizimi faoliyati to‘liq yo‘lga qo‘yilmagan.

Hududlardagi teatrlarning ehtiyojmand xodimlari uchun xizmat uylari ajratilmagan. Madaniyat va san’at sohasidagi televizion shou shakliga o‘tkazilishi belgilangan 7 ta tanlovdan 3 tasi hamda xususiy sektorga o‘tkazilishi kerak bo‘lgan madaniyat va san’at sohasidagi 5 ta ko‘rik-tanlovdan birortasi haligacha o‘tkazilmagan.

Rejada belgilangan tadbirlarni o‘tkazish joyi, vaqti, ishtirok etadigan ijodkorlar haqida aholini kamida ikki oy oldin xabardor qilish tizimi yo‘lga qo‘yilmagan.

Teatrlashtirilgan tomosha va konsert dasturlarini tashkil etish uchun zarur mablag‘lar ajratilmagan hamda “Ko‘cha san’ati va musiqasi” loyihasida ishtirok etgan faol ijodkorlar rag‘batlantirilmagan.

Senatorlar ommaviy-madaniy tadbirlarning g‘oyaviy mazmun-mohiyatini, milliy mentalitetimizga xosligini o‘rganish hamda ularning badiiy-estetik saviyasini oshirish maqsadida konsert-tomosha tadbirlarini o‘tkazish uchun to‘lov asosida amalga oshiriladigan bir martalik xulosa berish tizimini joriy etish bo‘yicha Hukumat qarorini qabul qilishni tezlashtirish lozimligini qayd etdi.

Senatorlar, Madaniyat vazirligi va turli idoralar vakillari, ekspertlar ishtirok etgan majlis yakunida tegishli qaror qabul qilindi. Unda aholini konsert-tomosha tadbirlariga “mahallabay” tamoyili asosida muntazam jalb etish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” tasdiqlandi.

N.Abduraimova, O‘zA