Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tartibi tubdan takomillashtiriladi
14:00 / 2024-07-23

Joriy yilning 18 iyul kuni “Aholini davlat tomonidan ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tartibini tubdan takomillashtirish to‘g‘risida”gi Prezident Qarori qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra, aholini davlat tomonidan ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga oid barcha choralarni raqamli texnologiyalar asosida taqdim etishga o‘tishning asosiy yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilandi:

— “Ijtimoiy karta” axborot tizimini joriy etish orqali ijtimoiy to‘lovlar va subsidiyalar, ijtimoiy xizmatlar va yordamlarni tayinlash, taqdim etish, monitoring qilish va baholash jarayonlarini bosqichma-bosqich to‘liq avtomatlashtirish;

— ijtimoiy yordamga muhtoj toifadagi fuqarolarning ijtimoiy xizmatlardan, yordam va to‘lovlardan, shuningdek davlat tomonidan ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashning boshqa choralaridan foydalanish uchun hujjatlarni yig‘ish zaruratini bekor qilish;  

— davlat tomonidan ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash choralarini manzilli, qisqa muddatlarda, masofadan turib hamda proaktiv tarzda olish imkoniyatini berish;

— ijtimoiy sug‘urtalashni joriy qilish doirasida raqamli servislarni rivojlantirish orqali davlat va tadbirkorlar o‘rtasida hamkorlik qilishni soddalashtirish;

— respublika, viloyat, tuman (shahar) va mahalla darajasida davlat ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashini amalga oshiruvchi davlat organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatining samaradorligini oshirish.

Qarorga ko‘ra quyidagi qo‘llab-quvvatlash choralari “Ijtimoiy karta” ATdan taqdim etiladi:

— 2024 yil 1 dekabrdan yangidan tayinlanadigan ijtimoiy to‘lovlar, xizmatlar va imtiyozlar;

— 2025 yil 1 apreldan bosqichma-bosqich shaxsning nogironligini, talaba, o‘quvchi, urush qatnashchisi yoki urush qatnashchisiga tenglashtirilgan shaxs holatini tasdiqlash.  

Bunda:

— nogironlik to‘g‘risidagi ma’lumotnoma va guvohnomalar, talabalik guvohnomalari, o‘quvchilar guvohnomalari, urush qatnashchilari yoki ularga tenglashtirilgan shaxslar guvohnomalarining qog‘oz shakli ijtimoiy kartaga almashtirish orqali bekor qilinadi;  

— nogironligi bo‘lgan va imkoniyati cheklangan shaxslar uchun umumiy foydalanishdagi avtomobil, temir yo‘l, havo va daryo transporti, yo‘nalishsiz taksi xizmatlaridan foydalanish bo‘yicha imtiyozlar, shuningdek ushbu xizmatdan imtiyozli foydalanish huquqiga ega bo‘lgan aholining boshqa toifalari uchun imtiyozlar;

— kirish bilet operatsiyalari tizimi asosida tartibga solinadigan davlat ijtimoiy ob’ektlariga, konsert-tomosha tadbirlari va boshqa tadbirlarga bepul tashrif buyurish yoki qisman haq to‘lash bo‘yicha imtiyozlar.

— 2025 yil 1 iyuldan “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritilganlarga belgilangan tovarlar (xizmatlar)ni xarid qilishda to‘langan QQS summasini 1 ish kunida qaytarish;

— 2025 yil 1 oktyabrdan Hukumat tomonidan tasdiqlanadigan ro‘yxatga muvofiq fuqarolarga byudjet mablag‘lari hisobidan ko‘rsatiladigan ijtimoiy xizmatlar va yordam, subsidiyalar, grantlar, imtiyozlar va ijtimoiy kafolatlar hamda moddiy xususiyatga ega boshqa to‘lovlar taqdim etish;

— 2026 yil 1 yanvardan qonunchilik hujjatlarida belgilangan boshqa imtiyozlar va ijtimoiy kafolatlardan foydalanish.

2025 yil 1 oktyabrdan pensiya oluvchilarga o‘z xohishiga ko‘ra yoshga doir, nogironlik va boquvchisini yo‘qotganligi bo‘yicha pensiyalarni ijtimoiy karta orqali olish huquqi beriladi.

O‘zA