Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash dasturi – amalda
16:00 / 2023-07-11

So‘nggi yillarda mamlakatimizda aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, ehtiyojmand oilalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan davlat dasturlari tizimli amalga oshirilmoqda.

Ushbu dasturlar ijrosini ta’minlash bo‘yicha Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi ham muhim chora-tadbirlarni olib bormoqda. Bu borada Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi bosh mutaxassisi Olimjon Hasanov kuyidagilarni so‘zlab berdi:  

– Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi tomonidan joriy yilning birinchi choragi davomida aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida poytaxtimizning Chilonzor tumani xonadonlarida uyma-uy o‘rganish o‘tkazildi. O‘rganish natijasiga ko‘ra, 600 dan ortiq “Temir daftar” va “Ayollar daftari”da ro‘yxatda turuvchi ijtimoiy himoyaga muhtoj keksalar, nogironlar, boquvchisini yo‘qotganlar hamda kam ta’minlangan oilalarga 9 xil asosiy turdagi dastlabki ehtiyoj uchun zarur bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlari jamlanmasi tarqatildi. Shu bilan birga, tumandagi 27 nafar kam ta’minlangan ijtimoiy himoyaga muhtoj yakka-yolg‘iz keksalarga maishiy texnika jihozlari, dori-darmon hamda savdo markazlarida oziq-ovqat xarid qilish uchun vaucherlar olib berildi.  

Qo‘mita tomonidan Chilonzor tuman hokimligi bilan hamkorlikda mahallalarda aniqlangan 216 ta kommunal sohadagi muammo o‘rganilib, manzilli hal etildi. Yangi elektr tayanch ustunlar o‘rnatildi. Transformatorlar ta’mirlandi. Elektr tarmoqlari yangilandi. Gaz tarmoqlari, gaz taqsimlash punktlari ta’mirlandi. Suv tarmoqlari yangilandi, issiqlik tizimlari izolyatsiya qilindi. Qolaversa, ichki yo‘llarga asfalt va beton qoplamasi yotqizilib, ko‘p qavatli uylarning tom, yerto‘la va fasad qismlari ta’mirlandi. Shu bilan birga, mahallalarga kompyuter, konditsioner, mebel jihozlari homiylik asosida ajratildi.  

Bundan tashqari, “Katta Qozirobod” MFYda yashovchi ijtimoiy himoyaga muhtoj, boquvchisini yo‘qotgan 4 nafar farzandning onasi, uy-joysiz yolg‘iz qiynalib kelayotgan fuqaroga qo‘mita jamg‘armasidan ajratilgan homiylik mablag‘lari hamda mahalla tadbirkorlarining saxovati bilan 3 xonali uy-joy olib berilishiga ko‘maklashildi.  

Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek, Chilonzor, Uchtepa tumanlari hamda Toshkent viloyatining qator tumanlarida ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash dasturlari amalga oshirib kelinmoqda.  

Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumanida 100 ga yaqin turli darajadagi muammolar hal etildi. Jumladan, 19 dona simyog‘och yangi beton ustunlarga almashtirildi. Aholini ish bilan ta’minlayotgan tikuvchilik sexiga konditsioner, “Turon” MFY idorasiga ishda foydalanish uchun 2 dona zamonaviy kompyuter to‘plami va 148-maktab stadioniga yoritish tizimi o‘rnatildi. Shuningdek, uyi yong‘inda yonib ketgan ikki nafar xonadon egalariga moddiy yordam ko‘rsatildi.  

Toshkent shahar Chilonzor tumanida ham ushbu dastur yuzasidan ishlar davom etmoqda. Jumladan, mahallalarda elektrogenerator o‘rnatildi.  Obodonlashtirish ishlari olib borish va manzarali gullar ekish uchun mablag‘ ajratib berildi. Shuningdek, “KAPITALBANK” ATB bilan hamkorlikda Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek, Chilonzor, Uchtepa tumanlari hamda Toshkent viloyatining qator tumanlarida jami 500 nafardan ortiq “Temir daftar” va “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”da ro‘yxatda turuvchi ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolar yashovchi oilalarga 10 xil asosiy turdagi dastlabki ehtiyoj uchun zarur bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlari jamlanmasi tarqatildi.  

Toshkent shahri va Toshkent viloyatining qator tumanlarida yordamga muhtoj bo‘lgan, alohida e’tibor talab etuvchi yoshlarning bandligini ta’minlash, bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, hayotda o‘z o‘rnini topishga va ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal qilish bo‘yicha tizimli ishlarni amalga oshirib kelmoqda.  

Yuqoridagi kabi xayrli ishlar natijasida 1500 ga yaqin ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga dastlabki oziq-ovqat jamlanmalari va boshqa turdagi moddiy yordamlar ko‘rsatildi.  

 

Shahnoza Mamaturopova,  

O‘zA