Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Aholini ijtimoiy himoya qilish tizimining huquqiy asoslari mustahkam
20:33 / 2025-11-25

Mamlakatimizda aholini ijtimoiy himoya qilish tizimini takomillashtirish, sohaga qo‘shimcha resurslarni jalb qilish borasida samarali ishlar tashkil qilindi. Ijtimoiy himoya dasturlari qamrovini kengaytirish va oilalarni og‘ir hayotiy holatlardan olib chiqishga qaratilgan qo‘shimcha mexanizmlarni joriy etish bo‘yicha ham izchil islohotlar amalga oshirilmoqda.

Bu borada avvalo O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi yurtimiz ijtimoiy ta’minot tizimining asoslari va mazmunini belgilovchi asosiy hujjatdir. U fuqarolarga bir qator iqtisodiy huquqlarni kafolatlaydi. Munosib mehnat qilish, kasb va ish joyini erkin tanlash, xavfsiz va gigiyenik sharoitlarda ishlash hamda hech qanday kamsitishlarsiz mehnat uchun adolatli haq olish huquqlari shular jumlasidan. 

Shuningdek, Konstitutsiya keksalikda, to‘liq mehnat qobiliyatini yo‘qotganda, ishsiz qolganda, boquvchisini yo‘qotganda va qonunda belgilangan boshqa hollarda ijtimoiy nafaqa olish huquqini kafolatlaydi. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 25 iyuldagi «O‘zbekiston Respublikasi aholisini ijtimoiy himoya qilish strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida»gi фармони ayni sohadagi vazifalarni qat’iy belgilab berdi.

Mazkur farmon bilan Ijtimoiy himoya strategiyasi, maqsadli ko‘rsatkichlar va yo‘l xaritasi ham tasdiqlangan. Strategiyada keksalik, nogironlik, boquvchisini yo‘qotganlik pensiyalari, homiladorlik va tug‘ish bo‘yicha nafaqa hamda vaqtinchalik mehnatga layoqatsizlik ijtimoiy nafaqalari belgilangan.

Bundan tashqari, ishdan bo‘shatish (ishsizlik) nafaqasi, dafn etish nafaqasi, ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisa yoki kasb kasalligi tufayli nogironlik va boquvchisini yo‘qotganlik pensiyalari ham kiradi.

2022 yilda Prezident farmoni bilan Ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasini tashkil etish va ushbu jamg‘armadan, pensiyalardan tashqari, ijtimoiy nafaqalarni to‘lash uchun yo‘li ochildi. Amaldagi qonunchilik tahlili shuni ko‘rsatadiki, mavjud qonuniy hujjatlar asosida ijtimoiy ta’minotning yangi mexanizmlarini joriy etish mumkin. 

Farmonga muvofiq, Iqtisodiyot va moliya vazirligining tarkibiy bo‘linmasi sifatida yuridik shaxs maqomisiz faoliyat yurituvchi Sug‘urta jamg‘armasi tashkil etildi. Dastlabki bosqichda – 2023-2025 yillar Jamg‘arma homiladorlik va tug‘ish bo‘yicha nafaqa boshqarish uchun mas’ul edi. Keyingi bosqichlarda 2026-2027 yillarda Jamg‘arma zimmasiga ijtimoiy sug‘urta tizimining boshqa nafaqalarini taqdim etish vazifasi yuklanadi. 

Hukumatimiz mamlakat rivojlanishidagi ustuvor maqsadlaridan biri bo‘lgan ijtimoiy sug‘urta to‘g‘risidagi qonun loyihasini ishlab chiqish masalasiga ham alohida e’tibor qaratmoqda. Loyiha doirasida ishchi guruh ijtimoiy sug‘urta tizimini joriy etish imkoniyatlari va to‘siqlarini tahlil qilish uchun ma’lumotlar yig‘ish maqsadida ish beruvchilarning ijtimoiy sug‘urta mexanizmlari va tartib-qoidalariga bo‘lgan munosabati hamda ularning ta’siri haqida ma’lumot olish uchun so‘rovnoma o‘tkazdi. 

Tadqiqotning asosiy maqsadi O‘zbekistonda ijtimoiy sug‘urtani joriy etishga xususiy sektorning tayyorligini o‘rganish, xususiy korxonalar vakillarining ijtimoiy sug‘urta haqidagi xabardorlik darajasini aniqlash, uni qo‘llashdagi imkoniyatlar va to‘siqlarni tahlil qilish, muammolarni bartaraf etish yo‘llarini ochib berishdir. 

Unda jumladan, korxona va tashkilotlar o‘z ishchilarini ijtimoiy risklardan qanday himoya qilishadi? Xususiy sektorning ijtimoiy sug‘urta tizimida ishtirok etishiga qanday omillar to‘sqinlik qiladi? Taklif qilinayotgan yangi ijtimoiy sug‘urta tizimi xususiy sektor manfaatlariga qay darajada to‘g‘ri keladi? 

Majburiy va ixtiyoriy ijtimoiy sug‘urta tizimlarida ishtirokchilarning yondashuvida qanday farqlar bor? Eng yaxshi xalqaro amaliyotlarni O‘zbekistonda qo‘llash qay darajada maqsadga muvofiq?

2024 yilda o‘tkazilgan tadqiqotlar natijalari shuni ko‘rsatdiki, sug‘urta tizimi samarali shakllanishi uchun aholi, ayniqsa iqtisodiyotning xususiy sektoridagi ish beruvchi va ishlovchilar o‘rtasida mavzuga oid tushuntirish ishlarini ommalashtirish maqsadga muvofiqdir. 

Muhokama ishtirokchilarining fikricha, majburiy ijtimoiy sug‘urta ijtimoiy risklar yuzaga kelganda o‘zi va oilasi uchun salbiy oqibatlarni samarali bartaraf etishda barcha sug‘urtalangan ishchilar, ayniqsa kam ta’minlangan oilalar vakillari manfaatlariga xizmat qiladi. Muhokamalar davomida majburiy ijtimoiy sug‘urta tizimi bilan barcha ishchilarni qamrab olish taklifi ilgari surildi. Shuningdek, majburiy sug‘urta sug‘urtalangan ishchining ishlamaydigan barcha oila a’zolarini ham qamrab olishi kerakligi haqidagi fikr bildirildi.

Adiba Nuriddinova, 

Ijtimoiy himoya milliy agentligi huzuridagi Ijtimoiy siyosat laboratoriyasi direktori o‘rinbosari.

O‘zA