Joriy yilning 25 yanvar kuni Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Jamshid Abruyev va Xalqaro mehnat tashkilotining Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo davlatlari bo‘yicha mintaqaviy byurosi direktori Olga Kulayeva o‘rtasida o‘zaro hamkorlik masalalariga bag‘ishlangan uchrashuv o‘tkazildi.
Unda dastlab hamkorlikda amalga oshirilayotgan loyihalarning joriy holati va kelgusi rejalariga asosiy e’tibor qaratildi.
Olga Kulayeva mamlakatimizda aholini ijtimoiy himoya qilish sohasida amalga oshirilgan islohotlarni yuqori baholadi. XMT va O‘zbekiston tomonidan kelishilgan 2022-2023 yillarda munosib mehnat dasturiga oid ijtimoiy himoya bo‘yicha alohida hamkorlik loyihalariga urg‘u berdi.
Shundan so‘ng mehmonlarga mamlakatimiz aholisini ijtimoiy himoya qilish strategiyasida belgilangan vazifalar ijrosiga doir ishlar xususida ma’lumot berildi. Ta’kidlash kerakki, bugungi kunda Ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi tashkil etilganligi, shuningdek, homiladorlik va tug‘ish nafaqasini tayinlash va to‘lashning yangi tartibi joriy etilayotganligi bu borada muhim qadamlardandir.
Qayd etilganidek, aholisini ijtimoiy himoya qilish strategiyasining maqsadli ko‘rsatkichlari bo‘yicha ma’lumotlar vazirlik veb-saytida e’lon qilinmoqda. Sohada zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish imkonini yaratish, ma’lumotlar tahlilini raqamlashtirish bo‘yicha XMT texnik va metodologik ko‘magi yordamida «Ijtimoiy himoya observatoriyasi» modulini tashkil etish xususida fikr almashdi.
Uchrashuv yakunida tomonlar aholini ijtimoiy himoya qilish sohasidagi loyihalar ko‘lamini kengaytirish va hamkorlikni yanada kuchaytirish yuzasidan kelishib oldi.
O‘ZA