Mamlakatimizda kam ta’minlangan oilalarni qo‘llab-quvvatlash, nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamiyatga moslashishi uchun qulay sharoitlar yaratish doimiy e’tiborda.
Shuningdek, kasbga o‘rgatish va imtiyozlar berish orqali ularning bandligini ta’minlash hamda moddiy ahvolini yaxshilashga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Senat yalpi majlisida muhokama qilingan “Aholini ijtimoiy himoya qilish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun islohotlarning mantiqiy davomi bo‘lib, yuzaga kelayotgan muammolarning oldini olishga qaratilgan.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga shaharsozlik hujjatlarida nogironligi bo‘lgan shaxslarga shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha loyihaning alohida bo‘limi (qismi)ga amal qilinmagan holda qurilishi tugallangan binolar va inshootlardan foydalanish uchun Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi organlari tomonidan ruxsatnoma berganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilanmoqda.

Qonun bilan Ijtimoiy himoya milliy agentligi va uning tizimidagi idoralar xodimlarining qonuniy faoliyatiga to‘sqinlik qilish hamda ularning qonunchilik hujjatlarida belgilangan talablarini bajarmaganlik uchun ma’muriy javobgarlik nazarda tutilmoqda.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 472-moddasi (Ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni joylashtirishda qonunchilik talablarini buzish), 48-moddasi (Vasiylik huquqini suiiste’mol qilish), 511-moddasi (Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish) bo‘yicha ma’muriy ishlarni ko‘rib chiqish jinoyat ishlari bo‘yicha sudlardan Ijtimoiy himoya milliy agentligi huzuridagi Ijtimoiy inspeksiya vakolatiga o‘tkazilmoqda. Ijtimoiy inspeksiya organlari tomonidan ko‘rib chiqiladigan ma’muriy ishlar belgilanmoqda.
Eng muhim o‘zgarishlardan yana biri – Ijtimoiy himoya yagona reyestriga yoki Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan oilalar a’zolariga qonunchilikda belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilgan homiylik tashkilotlari tomonidan soliq davri mobaynida bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravarigacha miqdorda to‘g‘ridan-to‘g‘ri beriladigan pul mablag‘lari tarzidagi homiylik xayriyalari uchun soliq solinmasligi, shuningdek, nogironligi bo‘lgan shaxslar, faxriylar, xotin-qizlar hamda bolalar jamoat birlashmalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun davlat boji belgilangan stavkaning 50 foizi miqdorida undirilishi mustahkamlanmoqda.
Senatorlar ma’qullagan qonun ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamining turmush darajasi yaxshilanishiga, ularga jamiyat va davlat hayotida to‘laqonli ishtirok etishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratilishiga xizmat qiladi.
Ijtimoiy yordam va xizmatlar ko‘rsatishda ularga taalluqli bo‘lgan ma’lumotlarni o‘rganish orqali Davlat byudjetidan ijtimoiy himoyaga ajratilgan mablag‘larning manzilliligi ta’minlanadi.
N.Abduraimova,
A.Mamadaminov (surat), O‘zA