Ayni kunlarda respublikamizning tabiiy gaz yetib bormagan hududlari aholisini arzonlashtirilgan mahalliy ko‘mir bilan ta’minlash ishlari jadal olib borilmoqda.
Tasdiqlangan balansga muvofiq, “O‘zbekko‘mir” aksiyadorlik jamiyati tomonidan joriy yilda 6,8 million tonna ko‘mir qazib olish rejalashtirilgan bo‘lib, shundan 1 million 405 ming tonnasi aholi ehtiyojlari uchun ajratilgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 210 ming tonnaga ko‘pdir.
Ko‘mir yetkazib berish hajmlari oshirilmoqda
Bugungi kunda “O‘zbekkko‘mir” AJ tomonidan aholi iste’molchilari uchun sutkasiga o‘rtacha 14-15 ming tonna (200 vagon va undan yuqori) mahsulot ortib yuborilmoqda. Ushbu mahsulot “Ko‘mir ta’minot” mas’uliyati cheklangan jamiyati orqali respublika hududiy ko‘mir omborlariga temir yo‘l transporti vositasida yetkazilib, aholiga tarqatilmoqda.
Qayd etish kerakki, aholiga mo‘ljallangan ko‘mir mahsuloti 2BZR markali bo‘lib, sifati va arzonlashtirilgan narxi bilan ajralib turadi. Bu borada joylarda minnatdorlik xabarlari kelib turibdi.
Tanqidiy xabarlarga munosabat
Ayni paytda ijtimoiy tarmoqlarda ko‘mir tarqatish bilan bog‘liq turli tanqidiy xabarlar ham e’lon qilinmoqda. “O‘zbekko‘mir” jamiyati bu kabi xabarlarni ta’minotdagi kamchiliklarni aniqlash va bartaraf etishda foydali deb biladi. Biroq ayrim ma’lumotlar faktlarga asoslanmagani, mahalliy ko‘mir mahsulotining o‘ziga xos xususiyatlari yoki taqsimot mexanizmi to‘liq anglanmagani ham kuzatilmoqda.
Jumladan, kuni kecha Samarqand viloyati Narpay tumanida xaridorlar ombor ichkarisiga kiritilmayotgani va odamlar navbat kutib turgani aks ettirilgan videolavha tarqaldi. Tabiiyki, xavfsizlik nuqtai nazaridan omborga hamma ham birvarakayiga kiritilavermaydi. Qolaversa, mahalliy ko‘mirga talab yuqori bo‘lgani uchun mahsulotni elektron platformada ro‘yxatdan o‘tgan xaridor haftaning belgilangan kunida olib ketishi talab etiladi. Bo‘lmasa, tartib buziladi.
Samarqand viloyatida ta’minot faoliyati
“Ko‘mir ta’minot” MCHJ Samarqand viloyati filiali tomonidan joriy kuz–qish mavsumi uchun aholiga 166,6 ming tonna mahalliy ko‘mir yetkazib berish rejalashtirilgan.
Bugungi kunda filial tasarrufida 8 ta ombor va 4 ta savdo shahobchasi faoliyat ko‘rsatmoqda. Filial mas’ul xodimi Ixtiyor Qarshiyevning ma’lumotlariga ko‘ra, omborlar ish vaqti uzaytirilgan rejimda ishlayapti.
Natijada, noyabr oyida yetkazib berilishi rejalashtirilgan ko‘mir mahsuloti ham oktyabr oyida qabul qilindi va kuniga 3,5–4 ming tonnadan ko‘mir tarqatildi. Suhbatdoshning ta’kidlashicha, so‘nggi besh yilda bu qadar hajm viloyatda kuzatilmagan.
5 noyabr holatiga mavjud omborlarda 14 ming tonna zahira bor. Ombor xodimlari aholini imkon qadar vaqtliroq ta’minlash maqsadida ish vaqtini kechki soat 10–12 gacha uzaytirib, hatto dam olish kunlari ham faoliyat yuritmoqda. Yuklovchi va tashuvchi texnika yetarli. Savdo shahobchalariga ko‘mir yetkazish uchun ayrim avtosamosvallar ham ijaraga olingan.
Ta’minot tartibi va nazorat
Ko‘mir tarqatish jarayonlari Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 29 sentyabrdagi 551-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Respublika aholisini ko‘mir mahsulotlari bilan ta’minlash to‘g‘risidagi nizom” talablari asosida amalga oshirilmoqda.
Hududiy omborlarda mahsulot taqsimoti Mycoal.uz elektron platformasidagi ro‘yxat va mahalliy hokimliklar tasdiqlagan mahalla kesimidagi jadval asosida amalga oshiriladi.
Ixtiyor Qarshiyevning so‘zlariga ko‘ra, ushbu tajriba so‘nggi yillarda o‘zini oqlagan — aholi mahalla idoralari orqali ko‘mir omboriga qachon kelib, mahsulotni xarid qilishini bilib, shunga qarab harakat qiladi. Ammo ba’zi fuqarolarning reja–jadvalga amal qilmagani oqibatida navbatlar hosil bo‘lishi mumkin.
Ko‘mir yetarli, tartibga amal qilish muhim
Tasdiqlangan rejaga ko‘ra, “O‘zbekko‘mir” AJ tomonidan aholi iste’molchilari uchun kuniga 13,8 ming tonna mahalliy ko‘mir ortib yuborilishi kerak. Amalda esa bu ko‘rsatkich 14–15 ming tonnadan oshirib yuajarilmoqda.
Bir so‘z bilan aytganda, ko‘mir yetarli. Faqat uni xarid qilishda amaldagi tartib–qoidalarga amal qilinsa, barcha iste’molchilar yoqilg‘i bilan yetarli darajada ta’minlanadi.
Ne’mat Dushayev,
“O‘zbekko‘mir” AJ Axborot xizmati rahbari
O‘zA