Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Aholini arzon oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash masalalari ko‘rib chiqildi
17:01 / 2022-10-25

Poytaxtimizdagi "Hyatt Regency" mehmonxonasida Oziq-ovqat tizimlarini transformatsiyalash bo‘yicha mintaqaviy xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Mazkur tadbir BMTning Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish xalqaro jamg‘armasining yillik yig‘ilishi doirasida tashkil etildi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xo‘jayev ishtirok etib, koronavirus pandemiyasi davrida oziq-ovqat ta’minoti zanjirlarining uzilishi bilan bog‘liq vaziyat kichik uy xo‘jaliklaridan tortib, yirik qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat komplekslari hamda yetkazib beruvchi korxonalargacha bo‘lgan barcha darajadagi oziq-ovqat tizimlarining ahamiyati va o‘zaro bog‘liqligini yana bir bor ko‘rsatganini ta’kidladi. Qishloq xo‘jaligini transformatsiyalash sharoitlarida aholining keng qatlamlarini arzon oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash zarur.

Anjumanda ushbu muammoning yechimlaridan biri sifatida mahsulot tannarxi zanjirida sodir bo‘layotgan o‘zgarishlarni tahlil qiluvchi, jarayonlar va mahsulot tannarxining ishlab chiqaruvchilar, yetkazib beruvchilar va iste’molchilarga ta’sirini o‘lchaydigan tizim yaratish muhimligi qayd etildi.

Shu bilan birga, narxlar va bozorga yetkazib beriladigan tovarlar hajmlarining barqarorligini ta’minlash bo‘yicha tegishli tezkor choralarni ko‘rishga imkon beruvchi tizimlarni joriy qilishga qaratilgan loyihalarga investitsiyalarni kengaytirish taklif etildi.

Barqaror oziq-ovqat tizimlarini shakllantirish maqsadida samarali investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun mintaqa hukumatlari hamda xalqaro moliya institutlari va donor tashkilotlar darajasida o‘zaro hamkorlikni ta’minlash uchun amaliy choralar ko‘rish muhimligi aytib o‘tildi.

Konferensiya doirasida, shuningdek, "Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasida barqaror oziq-ovqat tizimlarini o‘zgartirishni moliyalashtirishning asosiy manbalarini aniqlash" hamda "Oziq-ovqat tizimini transformatsiyalashini tezlashtiruvchi vositasi sifatida xususiy va iqlimiy moliyalashtirishning roli" kabi mavzularni qamrab olgan panel munozaralari o‘tkazildi.

Tadbir yakunida Markaziy Osiyoda Oziq-ovqat tizimini jadal transformatsiyalash to‘g‘risida ahdlashuv deklaratsiyasi qabul qilindi.

O‘zA