Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Aholiga yaqinlashgan tibbiy xizmat (+video)
11:38 / 2025-08-01

So‘nggi yillarda mamlakatimizda tibbiyot sohasida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar natijasida nafaqat tibbiyot muassasalarida xizmatlar sifatining oshishi ta’minlanmoqda, balki tibbiy yordam aholiga yanada yaqinlashtirilayotgani ham kuzatilmoqda.

Masalan, ilgarilari qandli diabet bilan og‘rigan bemorlar asosan poytaxtga borib davolanishga majbur bo‘lar edi. Bugungi kunda esa zamonaviy tibbiy uskunalar va malakali mutaxassislar bilan ta’minlangan hududiy filiallar fuqarolarga qulay va samarali tibbiy xizmat ko‘rsatmoqda.

Bunday imkoniyatlarni Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Qashqadaryo viloyatidagi filiali misolida ham yaqqol ko‘rish mumkin.

– Filialimiz tashkil etilgunga qadar viloyatimizda endokrin kasalliklar bo‘yicha birorta ham jarrohlik amaliyoti o‘tkazilmagan edi, – deydi markaz rahbari Bobur Teshayev. – Hozirgi kunda esa poytaxt darajasidagi barcha murakkab operatsiyalar filialda muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Shu bilan birga, faoliyatimizning asosiy yo‘nalishlaridan biri – kasalliklarni erta aniqlash va oldini olish, profilaktik tadbirlarni kuchaytirish hisoblanadi. Shu maqsadda skrining jarayonlari doimiy ravishda tashkil etilmoqda.

[gallery-24545]

Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirgi paytda viloyat bo‘yicha taxminan 17 ming nafar bemor qandli diabet tashxisi bilan qayd etilgan va doimiy davolanishga muhtoj. 2018 yil dekabr oyida davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan Qashqadaryo filiali foydalanishga topshirildi va tuman tibbiyot birlashmalari tarkibida endokrin bo‘limlar tashkil etildi. Bu jarayon natijasida viloyat bo‘yicha 300 ga yaqin qo‘shimcha o‘rin yaratildi va tibbiy xizmat ko‘rsatish darajasi yanada yaxshilandi.

Hozirgi kunda filial 145 o‘rinli statsionar va 150 qatnovga mo‘ljallangan poliklinikadan iborat bo‘lib, 21 nafar tajribali shifokor faoliyat olib bormoqda. Joriy yilning ilk uch oyi mobaynida 46 ming 836 nafar endokrin kasallikka chalingan fuqaroga ambulator xizmat ko‘rsatilgan, 1 ming 628 nafar bemor statsionar sharoitda davolangan. Shuningdek, 1 ming 637 bemor gemodializ seanslarini olgan.

Filialdagi yiringli jarrohlik, qalqonsimon bez patologiyasi va toza xirurgiya bo‘limlarida 190 ta muvaffaqiyatli jarrohlik amaliyoti o‘tkazildi. Shu bilan birga, shifoxonada 30 dan ziyod laboratoriya tahlillari amalga oshiriladi, bu esa kasalliklarni o‘z vaqtida aniqlash va to‘g‘ri tashxis qo‘yishda muhim ahamiyat kasb etadi.

– Bugungi kunda markazimizda biokimyoviy tahlillar, umumiy qon tahlillari va boshqa turdagi 30 dan ortiq tekshiruvlar zamonaviy apparatlar yordamida o‘tkazilmoqda, – deydi shifokor-laborant O‘lmas O‘tkirov. – Bu esa xalqaro standartlarga mos, aniq va ishonchli natijalarni ta’minlash imkonini beradi.

Bemorlar ham filialda yaratilgan sharoitlardan mamnun.

– Bu yerdagi tibbiy xizmat va sharoitlar tahsinga sazovor, – deydi bemorlardan biri. – Qandli diabet bilan og‘riganim uchun doimiy davolanishim talab etiladi. Ilgarilari poytaxtga borishga majbur edim. Endi esa viloyatimizning o‘zida shunday zamonaviy markaz ishlayotgani – katta yordam. Shifokorlar ham juda tajribali va e’tiborli.

Filialda faoliyat yuritayotgan muhim tarmoqlardan biri – diabet maktabi hisoblanadi. Unda bemorlarga kasallikning paydo bo‘lish sabablari, uni nazorat qilish va oldini olish bo‘yicha amaliyotga yo‘naltirilgan tavsiyalar beriladi. Bundan tashqari, tibbiyot muassasasida profilaktika ishlariga, ya’ni aholi orasida tibbiy madaniyatni yuksaltirishga ham alohida e’tibor qaratilyapti.

Bir so‘z bilan aytganda, sog‘liqni saqlash sohasidagi bu islohotlar o‘zining asosiy maqsadi – aholining sog‘lom, farovon va baxtli hayot kechirishini ta’minlashga xizmat qilmoqda.

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/su2Ls9Yl_WQ" title="Aholiga yaqinlashgan tibbiy xizmat" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari