Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Aholiga suyultirilgan gaz yetkazib berishda muammolar bo‘lmaydi
15:08 / 2024-12-13

Yurtimizda kunlar sovib, qish o‘z hukmini o‘tkaza boshladi. Sovuq kunlar esa aholiga bir qator xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar vakillariga yanada ko‘proq mas’uliyat yuklaydi. Jumladan, ob-havoning sovuq kunlarida gaz ta’minotida uzilishlar bo‘lmasligi, turli noxush holatlarning yuz bermasligi uchun “Hududgaz Navoiy” gaz ta’minoti filiali va uning bo‘limlari tomonidan ham mavsumga puxta tayyorgarlik ko‘rildi.

Konimex tumanining aksariyat aholisi cho‘l hududida yashaydi. Ular orasida tuman markazidan 100-200 kilometr olisda joylashgan ovullarda istiqomat qiladiganlari ham bor. Bugungi kunda “Konimextumangaz” gaz ta’minoti bo‘limi tomonidan muntazam ravishda tabiiy gaz yetib bormagan mahalla va ovul fuqarolar yig‘inlariga har 35-40 kunda maishiy gaz ballon yetkazib berilyapti.  

– Tumanimizda suyultirilgan gaz iste’molchilari soni 5 ming 983 tani tashkil etadi, – deydi gaz ta’minoti bo‘limi suyultirilgan gaz xizmati boshlig‘i Rustam Davlyatov. – Gaz ballon tarqatish uchun 2 ta maxsus “Isuzu” transportimiz bor. Ularda kuniga 4 tonnadan ziyod suyultirilgan gaz iste’molchilar xonadonlariga yetkazib berilmoqda.  

Hozirda tuman bo‘yicha 11 ta mahalla va ovul fuqarolar yig‘inlari aholisi maishiy gaz ballondan foydalanishadi. Shu kecha-kunduzda esa tuman markazidan 150 kilometr uzoqlikda joylashgan “Yangi G‘azg‘on” ovul fuqarolar yig‘iniga qarashli “Do‘ngalak” ovuliga maishiy gaz ballonlar tarqatilyapti.  

– Bu yerda iste’molchilar soni 170 nafar, – deydi R.Davlyatov. – Ularga ham qishning qor-qirovli kunlariga qaramasdan belgilangan muddatda maishiy gaz ballonlarni yetkazib beryapmiz. Bundan aholi ham mamnun. Dekabr oyining 10-sanasiga qadar konimexliklarga qariyb 23,7 tonna suyultirilgan gaz tarqatildi.  

Tumanda kuz-qish mavsumi uchun puxta tayyorgarlik ko‘rilgan. Ayni paytda mavsumni betalafot o‘tkazish maqsadida 105 dona zaxira gaz ballonlari mavjud.  

Viloyatning yana bir eng olis va chekka tumanlaridan biri Tomdi tumanidir. Bu hududda 2 ming 364 ta suyultirilgan gaz iste’molchilari istiqomat qiladi. Ularga ham reja-jadval asosida mahalla va ovullar kesimida maishiy gaz ballonlar yetkazib kelinmoqda.  

– Tumandagi sakkizta mahalla va ovul fuqarolar yig‘inlari aholisiga maishiy gaz ballonlar tarqatiladi, – deydi tuman suyultirilgan gaz xizmati boshlig‘i Rustam Ro‘ziyev. – Kuz-qish mavsumi uchun “Isuzu” transportimiz texnik jihatdan shay holatga keltirilgan. Birgina joriy yil noyabr oyida tumanda reja-jadval asosida iste’molchilarga qariyb 66 tonna suyultirilgan gaz yetkazib berildi. Shu bilan birga 40 dona maishiy gaz ballonlar texnik ko‘rikdan o‘tkazilib, zaxira sifatida saqlanmoqda.  

Ayaq-quduq, Shiyeli ovullari tuman markazidan 150-250 kilometr uzoqlikda joylashgan bo‘lib, olis hududga kiradi. Ikkala ovuldagi suyultirilgan gaz iste’molchilari soni 600 tadan oshiq. Mazkur hududlarga ham maishiy gaz ballonlar kechiktirilmay o‘z vaqtida yetkazib kelinmoqda. Albatta, qishning sovuq kunlarida olis ovullarga gaz ballon yetkazishning o‘ziga yarasha mashaqqati bor. Shunga qaramay, gazchi xodimlar o‘zlariga topshirilgan vazifani mas’uliyat bilan ado etyapti.  

– Ovulimizda 280 ta iste’molchi mavjud, – deydi “Shiyeli” ovul fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi Jambil Xudoyberdiyev. – Gaz idorasi xodimlari 35-40 kunda maishiy gaz ballonlarni yetkazib berishyapti. Rahmat, olisda yashasak ham suyultirilgan gaz ta’minotida muammomiz yo‘q. Qorli, sovuq kunlarda ham ovqatimiz tayyor, choyimiz qaynab turibdi. Bu uchun gazchi xodimlardan minnatdormiz.  

Viloyatda 104 ming 234 ta suyultirilgan gaz iste’molchisiga 2024 yil oktyabrdan 2025 yil mart oyigacha 8 ming 835 tonna suyultirilgan gaz yetkazib berish rejalashtirilgan. Iste’molchilarning maishiy gaz ballonlariga bo‘lgan ehtiyojidan kelib chiqib, joriy yil boshidan 1 ming 552 dona maishiy gaz ballon ijara shartnomasi asosida yetkazib berildi. Gaz to‘ldirish inshootlarida kunlik 540 tonna gaz va gaz ta’minoti omborlarida 1134 dona maishiy gaz ballon zaxirasi yaratilgan. Demakki, qish mavsumida aholiga suyultirilgan gaz yetkazib berish jarayonlarida muammolar bo‘lmaydi.   

A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri