Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Aholiga, shunchaki, tomorqadan samarali foydalan deyilgani bilan natijaga erishib bo‘lmaydi
10:05 / 2024-03-07

Prezident tashrifidan so‘ng...

Qo‘ysangchi, besh-olti sotix tomorqadan daromad qilib bo‘ladimi? Kaftdek joy – darvozadan shoshib kirsang adoqdagi devorga peshonang tegib ketadi. Uni ek, buni parvarish qil deyish oson. Kimdir natija ko‘rsatdimi, cho‘ntagi pul ko‘rdimi?

Bir-ikki yil avval bu kabi e’tirozli savollarni beruvchilar talay edi. Keyingi yillarda har bir mahallada tomorqadan samarali foydalanishni targ‘ib qilish, yer egalariga tadbirkorlik uchun qulay sharoitlar yaratish bo‘yicha izchil islohotlar olib borilmoqda.

Lekin bu borada hali qilinishi kerak bo‘ladigan ishlar ko‘p, ishga solinmagan yangi zaxiralar yetarli.

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 12-fevral kuni mavsum oldidan qishloq xo‘jaligiga doir chora-tadbirlar muhokamasi yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ham bu masalaga alohida to‘xtalib o‘tilgan edi.

Yig‘ilishda tomorqalarda kooperatsiya asosida mahsulot yetishtirish qo‘llab-quvvatlanishi qayd etildi. E’tiborlisi, bunday maqsadlarga yuz million so‘mgacha garovsiz, bir yuz ellik million so‘mgacha garov ta’minoti pasaytirilgan holda imtiyozli kreditlar taqdim etiladi.

Texnika mirishkorning qanoti deyiladi. Shu jihatni inobatga olgan holda, fermer va dehqonlarga zarur texnikalar “O‘zagrolizing” aksiyadorlik jamiyati tomonidan o‘n yil muddatga uch yil imtiyozli davr bilan lizingga beriladi. Chetdan olib kelinadigan motokultivator va minitraktorlarga bojxona imtiyozi uch yilga uzaytiriladi.

Keyingi paytlarda mamlakatimizning barcha hududlarida issiqxona maydonlari ko‘paydi. Bu, o‘z navbatida, ularda yetishtirilgan mahsulotlar hajmi uch barobar ko‘payganini ko‘rsatmoqda. Issiqxona tashkil qilish, uni isitish oson emas. Ahamiyatlisi hozirgi kunda kamxarj, yoqilg‘isiz isitiladigan issiqxonalar ommalashmoqda.

Mamlakatimizda bu tajriba hamisha ma’qullanadi. Ularning sonini ko‘paytirish, zarur hollarda dehqonlarga tayyor holda qurib berish choralari ham ko‘riladi.

Xorazm viloyati Xiva tumanidagi Istiqlol mahallasi aholisi tomorqadan samarali foydalanishning yangi usullarini hayotga tatbiq qilmoqda.

[gallery-16271]

Masalan, 48-uyda yashovchi Sobirjon Matjonov xonadoniga yaqinda davlat rahbari tashrif buyurdi. Oila boshlig‘i qishloq xo‘jaligi ilmini yaxshi biladi. Turmush o‘rtog‘i Zulayxoxon bilan to‘rt farzandni voyaga yetkazdi. Xonadon sohiblari mo‘jazgina tomorqada issiqxona qurib, qulupnay yetishtiradi.

Prezident tashrifidan so‘ng ular bilan suhbatlashdik.

– Hovlimizga hormanglar deb Prezident kirib keldi, – deydi Sobirjon Matjonov. – Juda samimiy suhbatlashdilar. Tomorqamizdagi mehnatimiz natijasiga yaxshi baho berdilar. Bu tajribani boshqalarga ham o‘rgatish kerakligini aytdilar. Ustma-ust, xuddi javonga terilgandek usulda qulupnay egganmiz. Yerda har xil ko‘katlar parvarish qilinadi. Shuningdek, uy sharoitida baliqchilikni yo‘lga qo‘yganmiz. Parvarish qilinayotgan parrandalarimiz, yuzdan ortiq tovuq va mingga yaqin bedana oilamizga qo‘shimcha daromad keltirmoqda. Odam yaxshi ish bilan band bo‘lsa, keraksiz ishlar bilan vaqtini o‘tkazmaydi. Oilamiz tinch, dasturxonimiz to‘kin. Bugun bunday hayotni qurish uchun ko‘p narsa kerak emas. Faqat davlat tomonidan berilayotgan imkoniyatlardan oqilona foydalansak bo‘ldi.

Istiqlol mahallasida 3 ming 200 nafarga yaqin aholi yashaydi. Bu yerda 10 ta ishlab chiqarish korxonasi, 30 ga yaqin xizmat ko‘rsatish shoxobchasi, yondosh hududda fermer xo‘jaliklari mavjud. Odamlar asosan dehqonchilik bilan shug‘ullanadi. 

Ijtimoiy daftarlarga kiritilgan fuqarolar bilan individual ishlash tizimi samara bermoqda. Bu yerda ham ishsizlarga dehqonchilik uchun yer berish tajribasi keng qo‘llanilmoqda. Ishsiz aholini doimiy va mavsumiy ishlarga joylashtirishga alohida e’tibor qaratilayotgani esa yaxshi samara berayotganini ta’kidlash lozim. 

Aslida, aholiga shunchaki yer berilgani bilan, tomorqadan samarali foydalan deyilgani bilan natijaga erishib bo‘lmaydi. Odamlar turmush-tarzini yaxshilash bo‘yicha bugun yangi tizim ishlayapti.

O‘zbekiston Prezidentining 2023-yil 21-dekabrdagi farmoniga muvofiq, mahalla institutining jamiyatimizda va aholi muammolarini hal etishda birinchi bo‘g‘in sifatidagi roli oshirildi. Mahalla raisi, hokim yordamchisi, xotin-qizlar faoli, yoshlar yetakchisi, profilaktika inspektori, soliqchi va ijtimoiy xizmat xodimidan iborat “mahalla yettiligi” tashkil etildi.

Ushbu tizim vakillarining mahalla tizimidagi samarali faoliyati, hamjihatligi o‘z so‘zini aytmoqda. Bunda quyi bo‘g‘indagi davlat vakillari o‘zlariga berilgan vakolatdan foydalanib, odamlarni rozi qilish yo‘lida samarali ishlamoqda. Bugun har bir mahalla haqida tahliliy ma’lumotlar bor, masalalarni yechish bo‘yicha individual dasturlar ishlanmoqda.

Ikrom AVVALBOEV, Nosirjon HAYDAROV, O‘zA