Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Aholiga ijara huquqi asosida ajratilayotgan yer maydonlarida “kooperativ” va “agregator” tizimi tajriba tariqasida joriy qilinadi
17:02 / 2024-02-02

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Aholiga dehqon xo‘jaligini tashkil etish uchun ijara huquqi asosida ajratilayotgan yer maydonlaridan foydalanish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror qabul qildi.

Unga muvofiq, meva-sabzavotchilikka ixtisoslashgan tumanlarda aholiga ijara huquqi asosida ajratilayotgan yer maydonlarida mahsulot yetishtirishdan boshlab uni sotishgacha bo‘lgan zanjirni yaratishni nazarda tutuvchi “kooperativ” va “agregator” tizimiga asoslangan kamida bittadan loyiha tajriba tariqasida Kichik biznesga ko‘maklashish markazlari orqali amaliyotga joriy etiladi.

Markazlarda “agregator” tizimi doirasida kichik tadbirkorlik sub’ektlarini, shuningdek, mahsulot yetishtirish, yig‘ish va sotish hamda “bir kontur - bir mahsulot” tamoyili asosida ekin maydonining biznes rejasi va loyihasini ishlab chiqish, sug‘orish tizimini modernizatsiya qilish va suvdan samarali foydalanish bo‘yicha o‘qitishni tashkil qilish uchun xorijiy va mahalliy ekspertlar, xalqaro moliya institutlari va donor tashkilotlar ko‘magida malakali amaliyotchi mutaxassislar jalb etiladi.

Quyidagilar “kooperativ” va “agregator” tizimiga asoslangan loyihalarni amalga oshirishning asosiy yo‘nalishlari etib belgilanadi:

dehqon xo‘jaligini tashkil etish uchun ijara huquqi asosida ajratilayotgan yer maydonlarida qishloq xo‘jaligi kooperativlarini tashkil qilish va faoliyatini rivojlantirish, dehqon xo‘jaliklarining mahsulotni sotib oluvchi, qayta ishlovchi va eksportga chiqaruvchi agregatorlar bilan hamkorligini kengaytirish;

qishloq xo‘jaligi kooperativiga birlashgan dehqon xo‘jaliklari bilan agregatorlar o‘rtasida “buyurtmalar portfeli”ni shakllantirish orqali shartnoma institutini rivojlantirish;

dehqon xo‘jaliklari va aholi tomorqalariga urug‘lik materiallari, mineral o‘g‘itlar, kimyoviy vositalarni yetkazib berish hamda agronom xizmatlarini ko‘rsatishning yaxlit tizimini yaratish;

dehqon xo‘jaliklarining yer maydonlarida xalqaro sifat va standartlarga javob beradigan mahsulotlarni yetishtirish;

xalqaro va mahalliy ekpertlarni keng jalb etgan holda, qishloq xo‘jaligi kooperativi a’zolari va dehqonlarning malakasini doimiy oshirib borish;

agronom maslahati va xizmatlari ko‘rsatish markazlarini tashkil etish;

mahsulotlarning barqaror bozorini shakllantirish;

mahsulotlarni xalqaro sertifikatlashdan o‘tkazuvchi tashkilotlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, qishloq xo‘jaligi kooperativlari va agregatorlarga xalqaro sertifikatlar (Global G.A.P, organic va boshqalar) olishi uchun har tomonlama ko‘maklashish.

Qishloq xo‘jaligi kooperativini tashkil etish maqsadida yaxlit konturlar asosida yer maydonlarining yer tuzish loyihalari ishlab chiqiladi va elektron onlayn auksion savdolari orqali ijaraga beriladi.

Dehqon xo‘jaliklari tomonidan qishloq xo‘jaligi kooperativini tashkil etish uchun yer maydonlarini ijaraga berish bo‘yicha “E-auksion” elektron savdo platformasida alohida toifa (kategoriya) ochiladi. Bunda yer maydoni hajmi kamida 5 gektar bo‘lgan yaxlit konturlar tanlab olinadi;

mazkur tizim asosida yer maydonlarini ijaraga olgan yerdan foydalanuvchilarni ixtiyoriy ravishda dehqon xo‘jaliklari tomonidan tashkil etilgan qishloq xo‘jaligi kooperativlarining a’zolari sifatida ro‘yxatdan o‘tkazish tavsiya etiladi.

Qishloq xo‘jaligi kooperativi shartnomasida belgilangan shartlarning dehqon xo‘jaliklari tomonidan bajarilmasligi, ularga nisbatan yer va suv soliqlari stavkalarining ikki koeffitsiyentga oshirilgan holda qo‘llanilishiga yoki qishloq xo‘jaligi kooperativi ustavida belgilangan tartibda kooperativ xulosalariga asosan qishloq xo‘jaligi kooperativ a’zoligidan chiqarilishiga asos bo‘ladi.

2024 yil 1 sentyabrgacha Shahrisabz tumani “Navro‘z” MFY hududidagi Miraki nasos stansiyasini tiklash va 13 km uzunlikda metall quvur tortish orqali foydalanishga kiritiladigan 500 gektar yer maydonida “kooperativ” va “agregator” tizimini joriy etish bo‘yicha tajriba-sinov loyixasi ishga tushiriladi.

Dehqon xo‘jaligini tashkil etish uchun ijara huquqi asosida ajratilgan yer maydonlari konturlariga hokim yordamchilarini biriktirib, “Online mahalla” elektron platformasi orqali ushbu yer maydonlarida ekilgan ekinlarning holatini monitoring qilish va ulardan kutilayotgan hosil hisobini yuritish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

Dehqon xo‘jaliklari va agregatorlarning qishloq xo‘jaligi kooperativiga ixtiyoriylik asosida a’zo bo‘lishda hamda qishloq xo‘jaligi kooperativida yetishtirilgan mahsulotlarni qayta ishlash, saqlash, ichki bozorga yetkazib berish va eksport qilish ishlarida hokim yordamchilari va markazlar tomonidan yordam ko‘rsatish tizimi joriy qilinadi.

2024 yil 1 sentyabrga qadar “E-agrosavdo” elektron agrosanoat bozori portali ishga tushiriladi.

O‘zA