Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Aholiga huquqiy yordam ko‘rsatishning yangi bosqichi
10:32 / 2023-08-12

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 16 iyunida “Davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish to‘g‘risida”gi Qonunni imzoladi. Unga ko‘ra, davlat hisobidan bepul yuridik yordam oluvchi shaxslar toifasi yanada kengaytirildi. Ta’kidlash kerakki, mazkur qonunining qabul qilinishi fuqarolarning huquqiy himoyaga bo‘lgan huquqlarining konstitutsiyaviy kafolatini kuchaytirishga, kam ta’minlangan shaxslarga davlat hisobidan bepul yuridik yordam ko‘rsatish mexanizmlarining qonuniy yo‘lga qo‘yilishiga bevosita xizmat qiladi.

Jumladan, o‘tgan 2022 yilda birgina Samarqand viloyatida advokatlar tomonidan jinoyat ishlari bo‘yicha tayinlov asosida 5 083 marta yuridik yordam ko‘rsatilgan bo‘lib, davlat hisobidan 1 mlrd 117 million 236 ming 530 so‘m mablag‘ ajratilgan. Muhimi, ushbu qonun kuchga kirgach, bu ko‘rsatkich qamrovi tobora ko‘payadi. Boisi, shaxslar jinoyat ishlari bilan bir qatorda fuqarolik, ma’muriy va ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha ham davlat hisobidan bepul yuridik yordam bilan ta’minlanadi.  

Qayd etish joiz, bunga qadar adliya organlari tomonidan uyma-uy yurgan holda “mahallabay” ishlash, tuman (shahar) adliya bo‘limlarida tashkil etilgan “Huquqiy ko‘mak darchalari”, “Madad” muassasa shaklidagi nodavlat notijorat tashkiloti hamda O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual qonunchiligiga asosan jinoyat ishlarida bunday amaliyot mavjud bo‘lgan.  

Masalan, 2023 yilning 1 yanvaridan Adliya vazirligi tomonidan fuqarolarga yuridik yordam ko‘rsatish jarayonlarini raqamlashtirish, advokatura sohasini sudlar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamda boshqa davlat organlari faoliyati bilan integratsiya qilishni nazarda tutuvchi “Yuridik yordam” axborot tizimi ishga tushirilgan edi. Mazkur axborot tizimi doirasida, nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari himoyasini yanada oshirish maqsadida ular uchun advokatlar tomonidan ixtiyoriy ravishda bepul professional yuridik yordam ko‘rsatilishi yo‘lga qo‘yildi.  

Ushbu qonuning qabul qilinishi esa davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatadigan advokatlarni elektron tizim orqali tanlash, bu borada inson omilini bartaraf etish, ya’ni, “cho‘ntak advokatlar” amaliyotiga barham berish, advokatlar va davlat organlari o‘rtasida qog‘ozbozlikni kamaytirib, elektron vositalar yordamida ma’lumot almashish tizimini yo‘lga qo‘yish, asosiysi, fuqarolarning qonuniy huquq va manfaatlarini tezkorlik bilan himoya qilishga qonuniy poydevor yaratdi.  

Ma’lumki, qonun bilan davlat hisobidan moliyalashtiriladigan ikkilamchi bepul yuridik yordam faqat ikkilamchi bepul yuridik yordam ko‘rsatadigan advokatlar reyestriga kiritilgan advokatlar tomonidan ko‘rsatiladi. Bundan maqsad barcha advokatlarni bepul yuridik yordam ko‘rsatishga majburiy jalb qilmaslikdir. Ya’ni, istalgan advokat ixtiyoriy ravishda Bepul yuridik yordam markazi bilan shartnoma tuzadi va Reyestrga kiritiladi. Biroq, davlat hisobidan moliyalashtiriladigan bepul yuridik yordam faqat Reyestrga kiritilgan advokatlar tomonidan amalga oshirilishi, boshqa advokatlarning bepul, ixtiyoriy beg‘araz yuridik yordam ko‘rsatishini cheklamaydi. Xususan, advokat advokatura va advokatlik faoliyati to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlarida belgilangan advokatlik faoliyatining istalgan turi bo‘yicha bepul, beg‘araz, ixtiyoriylik asosida yuridik yordam ko‘rsatishga haqli.  

Mazkur tartib jahon tajribasida ham keng qo‘llaniladi. Masalan, AQSH, Isroil, Gollandiya, Buyuk Britaniya, Finlyandiya, Avstraliya, Kanada, Fransiya, Germaniya, Shvetsiya, Bolgariya, Vengriya, Polsha, Ruminiya, Slovakiya, Chexiya, Litva, Latviya, Estoniya, Rossiya, Gruziya, Moldova, Ukraina, Rossiya va Qirg‘izistonda davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatishni tashkil etish va boshqarish alohida markaz, byuro, kengashlar tomonidan amalga oshiriladi. Aksariyat davlatlarda ushbu tuzilmalar Adliya vazirligi huzurida tashkil etilgan.  

Qonun sentyabr oyining ikkinchi yarmidan kuchga kiradi. Bu esa adliya organlariga qonuning mazmun-mohiyati, uning amaliyotga tatbiq etilish mexanizmlari, unda ko‘tarilgan masalalarning ahamiyatini tobora targ‘ib qilishni ustuvor vazifa sifatida qo‘yadi.

Shundan kelib chiqib, Samarqand viloyat adliya boshqarmasi tomonidan joylarda bu borada targ‘ibot tadbirlari, o‘quv mashg‘ulotlari tashkil qilinmoqda. Bundan ko‘zlangan maqsad esa mazkur qonunni jamoatchilikka, xalqqa yetkazish.    

 

Salohiddin NURIEV,  

Samarqand viloyat adliya boshqarmasi boshlig‘i.