English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Aholiga bepul tibbiy xizmat ko‘rsatildi
16:10 / 2025-10-17

O‘zbekistonda o‘tkazilayotgan Qozog‘iston tibbiyoti kunlari doirasida qo‘shni davlat Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan zamonaviy tibbiy uskunalar bilan jihozlangan to‘rtta mobil tibbiyot majmuasi yurtimizga keltirildi.

Mammograf, kompyuter tomografi, rentgen, UTT hamda zamonaviy laboratoriyalar bilan ta’minlangan bu maxsus avtomajmualar aholi salomatligini muhofaza qilish va tibbiy xizmat sifatini yanada oshirishga xizmat qiladi.

Tadbir doirasida qozog‘istonlik shifokorlar respublikamizning Jizzax, Farg‘ona kabi viloyatlarida bo‘lgani kabi Sirdaryo viloyatining Sirdaryo tumaniga tashrif buyurib, tuman tibbiyot birlashmasining malakali mutaxassislari hamkorligida mahalliy aholini bepul birlamchi tibbiy ko‘rikdan o‘tkazdi. Ular orasida tajribali ginekolog, revmatolog, oftalmolog, jarroh, rentgenolog, laboratoriya va UTT-terapevt mutaxassislar bor.

Tekshiruv jarayonida ko‘chma laboratoriya yordamida tahlillar olib borildi, 45–65 yoshli ayollar orasida mammografik skrining amalga oshirilib, ko‘krak bezi saratonini erta bosqichda aniqlash imkoni yaratildi. Shuningdek, EKG va UTT kabi instrumental tekshiruvlar ham keng qo‘llanildi.

–  Bu tadbir nafaqat aholini sifatli tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, balki qo‘shni davlat shifokorlari bilan tajriba almashish uchun ham muhim ahamiyat kasb etdi, –  deydi Sirdaryo tuman tibbiyot birlashmasi bosh shifokori Akrom Azizqulov. –  Chunki qozog‘istonlik hamkasblarimiz bilan hamkorlikda o‘tkazilayotgan bunday ko‘riklar orqali kasalliklarni erta aniqlash, profilaktika ishlarini kuchaytirish va eng muhimi, tibbiy xizmatni xalqimizga yanada yaqinlashtirish imkoni yaratildi. Ko‘plab bemorlar ilk bor zamonaviy uskunalar yordamida kompleks tekshiruvlardan o‘tishdi.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri