Prezidentimizning joriy yil 25 maydagi “Sog‘liqni saqlash sohasini kompleks rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida tibbiyotning birlamchi bo‘g‘inini kasalliklarni erta aniqlaydigan va davolaydigan tizimga aylantirish, coha rivojlanishining yaqin va uzoq muddatli istiqbollarini belgilash, tibbiy xizmatlar hajmini oshirish va sifatini yaxshilash borasida bir qator muhim vazifalar belgilangan edi.
Jumladan, qarorda 2021 yil 15 iyundan boshlab birlamchi tibbiy-sanitariya muassasalarida dori va tibbiy buyumlar uchun biriktirilgan aholi jon boshiga ajratilgan mablag‘ miqdori o‘rtacha 3 baravarga oshirilib, ushbu maqsadlar uchun joriy yil investitsiya loyihalarini maqbullashtirish hisobidan 165 milliard so‘m miqdorida mablag‘ ajratilishi belgilandi.
Shunga muvofiq, bugunga qadar yurtimizdagi mavjud 852 ta oilaviy shifokor punkti, 990 ta oilaviy poliklinika hamda 207 ta ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikaga jami 40 milliard so‘mdan ziyod 40 turdan iborat dori va 10 turdagi antiseptik vositalar hamda 16 turdagi stomatologiya amaliyotida qo‘llaniladigan sarflov materiallari, jami 66 turdan iborat dori vositalari va tibbiy buyumlar yetkazib berildi. Bu haqda SSV matbuot xizmati ma’lum qildi.
Mazkur dori vositalari fuqarolarga o‘zi yashayotgan hududdagi birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari (oilaviy shifokor punkti, oilaviy poliklinika, ko‘p tarmoqli markaziy poliklinika) orqali bepul berilishi belgilangan.
Davlatimiz tomonidan aholiga bepul taqdim etilayotgan 66 turdagi mazkur dori va antiseptik vositalar hamda sarflov materiallari dastlab birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarining katta hamshiralari tomonidan qabul qilinadi va maxsus joyda saqlanadi. Katta hamshira dori vositalarini talabnoma asosida va ehtiyojga ko‘ra, muolaja xonasi hamshirasi yoki oila hamshirasiga yetkazib beradi.
Mazkur dori vositalari va tibbiy buyumlarga bo‘lgan ehtiyoj har bir hududning kasalliklar tarqalganlik darajasi va statistik ko‘rsatkichlar, bemorlarning qatnov sonini e’tiborga olib hisoblanadi.
Shuningdek, muassasa faoliyat turidan kelib chiqib, davolash sxemasiga asosan tasdiqlangan klinik protokol va davolash-diagnostika standartlari va bemorga beriladigan dori vositalarining miqdorini ko‘rsatgan holda (bir marotaba va bir kurs uchun) hamda birlamchi tibbiy sanitariya yordami muassasalari uchun tasdiqlangan formulyarga muvofiq aniqlanadi.
Bemorlarga dori vositalarini berish turar joyidagi birlamchi tibbiy yordam muassasasining (OSHP, OP, KTMP) oilaviy shifokori yoki ushbu muassasaning tor doiradagi mutaxassis shifokori tomonidan amalga oshiriladi.
Dori vositalarining tabletka, kapsula, shamcha, aerozol shaklidagi turi oilaviy shifokor yoki birlamchi tibbiy sanitariya yordami muassasasining tor doiradagi mutaxassis shifokori tavsiyasiga ko‘ra berilishi mumkin.
Mazkur dori vositalariga ehtiyojni aniqlash, ularni qabul qilish, saqlash va oqilona ishlatish holati har chorakda monitoring qilib boriladi. Monitoring jarayonida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish uchun muassasa rahbari va katta hamshira shaxsan mas’ul hisoblanadi.
Mohigul Qosimova,
O‘zA