Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi qaroriga ko‘ra e’lon qilingan 30 mart – Xalqaro chiqindilarsiz kun sanasi Tabiat resurslari vazirligi tashabbusi bilan Jizzax viloyatida ham o‘ziga xos tarzda nishonlandi.
“Zero Waste” loyihasi orqali Turkiya butun dunyoni qiziqtirgan barcha ekologik va tabiatni muhofaza qilish loyihalarida yetakchi sifatida ajralib turadi. Loyiha isrofgarchilikning oldini olishga, resurslardan samarali foydalanishga, sabablarini ko‘rib chiqish orqali chiqindilar paydo bo‘lishining oldini olishga yoki minimallashtirishga hamda chiqindilarni alohida yig‘ish va qayta ishlashga qaratilgan.

Tabiat resurslari vazirligi Jizzax viloyati boshqarmasi tomonidan viloyatda chiqindilar muammolarini bartaraf qilish, chiqindilarni qayta ishlash orqali ularning hajmini kamaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. bugungi kunda Jizzax viloyatida maishiy chiqindilarni saralab qayta ishlash faoliyati bilan shug‘ullanuvchi 20 ta tadbirkorlik sub’ekti faoliyat olib bormoqda.
“Elita Lyuks Plast” MCHJ 2019 yilda tashkil topgan bo‘lib, asosan polietilen quvurlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Korxona aholidan turli xildagi plastmassa chiqindilarini sotib olib, qayta ishlaydi. O‘tgan yili korxona tomonidan 380 tonna ikkilamchi xom ashyo qayta ishlandi. Qayta ishlash natijasida esa 324 tonna tayyor mahsulot ishlab chiqarildi. Ayni kunda korxonada 15 nafar fuqaro doimiy ish bilan ta’minlangan.

Jizzax shahridagi qog‘oz chiqindilarini qayta ishlovchi korxona esa undan sal avvalroq, ya’ni 2014 yilda tashkil etilgan. Korxonada qog‘oz xom ashyosi qayta ishlovchi maxsus uskuna yordamida 6 bosqichdan o‘tib, tayyor karton qog‘ozga aylanadi. Tayyor mahsulot esa karton quti tayyorlanadigan tadbirkorlarga yetkazib berilmoqda. O‘tgan yili korxona tomonidan 1 ming 800 tonna ikkilamchi qog‘oz xom ashyosi qayta ishlanib, 2 ming 640 tonna karton mahsuloti ishlab chiqarildi.
Tabiat resurslari vazirligi Jizzax viloyati boshqarmasi tomonidan aholi xonadonlarida hosil bo‘lgan maishiy chiqindilarni qayta ishlashni tashkil etish borasida yangi tashabbuslar ilgari surilmoqda.
– Ayni paytda eksperiment tariqasida Sharof Rashidov tumanidagi bir qator mahallalarda aholi xonadonlarida o‘zlarining maishiy chiqindilarini saralashni tashkil etish va ulardan saralangan ikkilamchi xom-ashyolarni joyida haq to‘lab sotib olish hamda ushbu to‘lanadigan mablag‘ hisobidan “Toza hudud” DUKning chiqindi to‘loviga qarzdorligini qoplash” tamoyili asosiy mezon qilib olingan, – deydi Tabiat resurslari vazirligi Jizzax viloyati boshqarmasi boshliq o‘rinbosari B.Egamov. – Bunda aholiga chiqindilarni o‘z uylarida saralab, sotib, qo‘shimcha daromad olish hamda ushbu saralashdan olgan daromadi bilan oylik chiqindi to‘lovini to‘lash imkoniyati yaratildi.

Joriy yildan boshlab viloyatning yana 10 ta tumani aholisiga ham sanitar xizmatlari ko‘rsatish davlat xususiy sherikchiligi asosida olib borish yo‘lga qo‘yilib, hududlar tadbirkorlarga biriktirib berildi. Ushbu tadbirkorlik subektlari tomonidan aholidan hosil bo‘ladigan chiqindilarni tashib ketish xizmatlari ko‘rsatilib, kelajakda qayta ishlash ham rejalashtirilmoqda. Chiqindilar aholi xonadonlarida saralanib, sotib olinyapti.
Shuningdek, 30 mart – Xalqaro chiqindilarsiz kun saniga bag‘ishlab Tabiat resurslari vazirligi Jizzax viloyati boshqarmasi tomonidan hududlarni chiqindilardan tozalash maqsadida ommaviy aksiya tashkil etildi. Ushbu tadbir Yoshlar ishlar agentligi, “Ekolog” jamoat birlashmasi hamda O‘zbekiston Ekologik partiyasi Jizzax viloyati kengashi bilan hamkorldikda tashkil etildi. Ushbu tadbirda “Ekolog” jamoat birlashmasi rahbari, taniqli eko jurnalist Nargis Qosimova ham ishtirok etdi.
A.QAYUMOV,
J.YORBEKOV (surat), O‘zA