O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Aholi xonadonlarida sanoat usulida mahsulot ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash hamda tomorqa va dehqon xo‘jaliklarida yangi zaxiralarni ishga solishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
Unga muvofiq:
hududlarning tuproq-iqlim sharoitidan kelib chiqib hamda suv ta’minotini inobatga olgan holda, tumanlar eksportbop va serdaromad ekinlar ekishga, shuningdek, kichik ishlab chiqarish va mahsulot yetishtirishga ixtisoslashtiriladi;
2024-yilda eksportbop va serdaromad ekinlar ekish va aholining mazkur sohada bilim va ko‘nikmalarini oshirish uchun 54 ta tumanda namunaviy o‘quv-tajriba maydonlari tashkil etiladi;
2024-yilda meva-sabzavotchilikka ixtisoslashgan 51 ta tumanda meva-sabzavotlarni shok usulida muzlatishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha yangi loyihalar amalga oshiriladi;
Kichik biznesni uzluksiz qo‘llab-quvvatlash kompleks dasturi doirasida ishlab chiqarishga oid loyihalar bilan bir qatorda mahsulot yetishtirish bilan bog‘liq loyihalarga, qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirish bundan mustasno, 100 million so‘mgacha garovsiz kreditlar ajratiladi;
Muzlatkichli omborxona, tayyor holda issiqxona, qadoqlash, quritish va qayta ishlash sexlari aholiga 12 oyga bo‘lib to‘lash sharti bilan lizingga beriladi;
O‘zini o‘zi band qilgan shaxslar shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan faoliyat (ishlar, xizmatlar) turlari ro‘yxatiga xonadonlarda biogumus tayyorlash faoliyati kiritiladi.
O‘zA