Yurtimizda joriy yilning 1 yanvaridan 30 yanvariga qadar qish mavsumini betalafot o‘tkazish, is gazidan zaharlanish, gaz-havo aralashmasi chaqnashi, yong‘inlar va boshqa noxush hodisalarning oldini olish maqsadida “Xavfsiz xonadon oyligi” e’lon qilingan. Oylik doirasida xonadonlar, qurilish va ijtimoiy soha ob’ektlari, bozorlar va boshqa ob’ektlarda tushuntirish ishlari tashkil etilmoqda.
Bu jarayon Navbahor tumanida ham qizg‘in davom etmoqda. “Navbahortumangaz” gaz ta’minoti bo‘limi mas’ul xodimlari mahallalar va ijtimoiy ob’ektlarda iste’molchilarning tabiiy hamda suyultirilgan gazga oid xavfsizlik qoidalariga rioya etishlari yuzasidan targ‘ibot tadbirlarini olib boryapti. Shunday tadbirlardan biri tumanning Burqut mahallasida bo‘lib o‘tdi.

Mazkur mahallada 595 ta aholi xonadoni tabiiy gaz bilan gazlashgan. Xonadonma-xonadon o‘tkazilgan targ‘ibotlarda tabiiy gazdan to‘g‘ri foydalanish, havo-gaz aralashmasi chaqnashi, is gazidan ogoh bo‘lish, nostandart gaz pechlari o‘rniga energiya tejamkor zamonaviy isitish uskunalaridan foydalanish afzalliklari bo‘yicha keng ma’lumot berildi. Mavjud pechlar dudburonlari tekshirilib, so‘ng undan foydalanish zarurligi, aks holda is gazi bilan bog‘liq ko‘ngilsiz holatlar yuz berishi mumkinligi har bir fuqaroga hayotiy misollar yordamida tushuntirildi.

Mahalladagi Choriqul ota Saidov besh farzandning otasi, 17 ta nabiraning bobosi. Choriqul ota bundan 1,5 yil oldin xonadonida xavfsizlik avtomatikasiga ega, gaz kam sarflaydigan ikki konturli isitish qozonini o‘rnatgan.
– Tabiiy gazdan juda hushyor bo‘lib foydalanish kerak, – deydi Ch.Saidov. – Ikki konturli isitish qozonini har kuz-qish mavsumi oldidan ishlatishdan oldin albatta, dudburonlarini tekshirib keyin foydalanaman. Bolalarim, nabiralarimga ham gazdan xavfsiz va tejamkor foydalanish zarurligini uqtiraman.

Shuningdek, targ‘ibotlar davomida gaz jihozlaridan xavfsiz foydalanish, gaz plitalar ustida kir yoymaslik, gaz pechlarini yosh bolalarga ishonib topshirmaslik va boshqa holatlar yuzasidan ham tushunchalar berildi. Xavfsizlikka oid eslatmalar tarqatildi.

– Navbahor tumanida umumiy gazlashgan xonadonlar soni 11 ming 995 tani tashkil etadi, – deydi tumangaz gaz ta’minoti bo‘limi xodimi Tursun Qodirov. – 26 ta mahallaga tabiiy gaz yetkazib beriladi. Bugungi kunda barcha mahallalar va ijtimoiy soha ob’ektlarida xavfsizlikka oid targ‘ibot-tashviqot tadbirlarini o‘tkazib kelyapmiz. Shu bilan birga tejamkorlik ham keng targ‘ib qilinyapti. O‘tgan 2025 yil davomida tuman bo‘yicha 985 ta energotejamkor zamonaviy gaz gorelka o‘rnatildi. “Xavfsiz xonadon oyligi” doirasida mazkur tadbirlarimiz yanada kuchaytirilgan. Asosiy maqsadimiz esa aholi xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan.

Profilaktik tadbirlar ijtimoiy ob’ektlarda ham davom etmoqda. Jumladan, tuman tibbiyot birlashmasida 15 ta zamonaviy isitish qozonxonalaridan foydalaniladi. Tibbiyot birlashma xo‘jalik ishlari bo‘limi mudiri Nosir Norovning ta’kidlashicha, tejamkor uskunalar o‘rnatilgani hisobiga gaz sarfi kamayib, 5-6 million so‘mgacha mablag‘ tejalmoqda.
O‘tgan 2025 yil davomida aholi xonadonlariga 15,6 ming donadan ziyod tabiiy va suyultirilgan gazdan xavfsiz foydalanishga oid eslatmalar tarqatildi. Ayni paytda oylik doirasidagi profilaktik tadbirlar davom etmoqda.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri