French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Aholi xavfsizligi muhim vazifa
09:39 / 2025-09-11

Is gazidan ogoh bo‘lish, qo‘lbola gaz pechlaridan foydalanmaslik, dudbo‘ron, mo‘rikonlarini mavsum oldidan tozaligini tekshirish fuqarolarning xavfsizligi uchun juda muhim sanaladi. Shu boisdan Navoiy viloyati “Qiziltepatumangaz” gaz ta’minoti bo‘limi mas’ul xodimlari tomonidan kuz-qish mavsumi oldidan mahallalarda turli targ‘ibot va profilaktik tadbirlar o‘tkazib kelinmoqda.

Bugungi kunda Alisher Navoiy mahallasida 1190 nafar tabiiy gaz iste’molchisi mavjud. Olib borilgan targ‘ibot tadbiri davomida gaz ta’minoti bo‘limi xodimlari xonadonma-xonadon yurib, tabiiy gazdan xavfsiz foydalanish qoidalari keng tushuntirildi. Turmushda xavfsizlik avtomatikasiga ega va tabiiy gazni iqtisod qiluvchi energiya tejamkor gaz yondirgichlari hamda uskunalaridan foydalanish afzalliklari aytib o‘tildi. 

– Tumanda aholi tabiiy gaz iste’molchilari soni 22 ming 49 tani tashkil qiladi, – deydi tumangaz gaz ta’minoti bo‘limi xodimi Rasuljon Jo‘rayev. – Kuz-qish mavsumi oldidan aholininghushyorligini oshirish, tabiiy gaz bilan bog‘liq turli ko‘ngilsiz hodisalar oldini olish uchun profilaktik tadbirlar rejasini tuzib olganmiz. Olib borilayotgan tadbirlarda is gazi, uning oqibatlari, nostandart gaz pechi zararlari va boshqa mavzularda iste’molchilarga tushuntirish beryapmiz. Shuningdek, tejamkor gaz uskunalaridan foydalanish afzalligi ham targ‘ibot qilinmoqda. Joriy yilning shu davriga qadar aholi xonadonlariga 1360 ta energiya tejamkor gaz yondirgichlari o‘rnatilgan bo‘lsa, xavfsizlikka oid 10 mingdan ortiq eslatmalar tarqatildi.  

– Tabiiy gazni iqtisod qilish maqsadida xonadonimizda tejamkor gaz uskunalaridan foydalanib kelyapmiz, – deydi iste’molchilardan biri Umida Shamsiyeva. – Bugungi targ‘ibot tadbiri davomida eslatma bukletlari berildi. Undagi qoidalarga, albatta, amal qilamiz. 

Joylarda olib borilayotgan bu kabi targ‘ibot va profilaktik tadbirlar aholining iqtisodiy farovonligi va xavfsizligi uchun olib borilayotganligi bilan ahamiyatlidir. 

A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri