Sharh
Bugun turli ko‘rinishdagi ekologik muammolar insoniyat hayoti va salomatligiga, oziq-ovqat xavfsizligiga o‘z salbiy ta’sirini ko‘rsatmoqda. Yon-atrofimizdagi bu muammolarni bartaraf etish, ularning oqibatlarini yumshatish, avvalo, insonlarning ekologik madaniyati bilan chambarchas bog‘liq.
Shu bois davlatimiz rahbarining joriy yil 15 may kuni “2030 yilgacha bo‘lgan davrda aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish konsepsiyasini taqdiqlash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Unga ko‘ra, 2030 yilgacha bo‘lgan davrda aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish Konsepsiyasi va uni samarali amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” tasdiqlandi.

Mazkur Konsepsiyaning mazmuni va bugungi kundagi ahamiyati, unda belgilangan vazifalar xususida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasi a’zosi Mohira Xo‘jayeva o‘z munosabatini bildirdi:

— Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda davlat fuqarolarning ekologik huquqlarini ta’minlashi belgilab qo‘yildi. Mamlakatimizda aholining ushbu konstitutsion huquqlarini ro‘yobga chiqarish, global rivojlanish va iqlim o‘zgarishlari bilan bog‘liq ekologik muammolarning oldini olish va bartaraf etish maqsadida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Biroq, izchil chora-tadbirlarga qaramay, yurtimizda ekologik huquqbuzarliklar davom etmoqda. Achinarlisi, fuqarolarning aholi punktlari sanitariya holatiga, tadbirkorlik sub’ektlarining esa atrof-muhitga salbiy ta’siri saqlanib qolmoqda. Bunday xolatlar jamiyatda ekologik madaniyatni yuksaltirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarda uzviylik mavjud emasligini, oila, mahalla va nodavlat notijorat tashkilotlari hamda fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining ishtiroki yetarlicha ta’minlanmaganini ko‘rsatmoqda.
Prezidentimizning “2030 yilgacha bo‘lgan davrda aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish konsepsiyasini taqdiqlash to‘g‘risida”gi qarori bilan tasdiqlangan Konsepsiya va uni samarali amalga oshirishning “Yo‘l xaritasi” ayni vaqtda qabul qilingan muhim hujjat bo‘ldi. 73 ta aniq chora-tadbirlarni o‘z ichiga olgan “Yo‘l xaritasi”da 2025-2026 yillar davomida aholining ekologik madaniyatini yuksaltirishda tizimli ishlarni amalga oshirishning aniq maqsad va vazifalari belgilangani, shuningdek, bu vazifalarning mas’ul organlari va moliyaviy manbalari aniq ko‘rsatib o‘tilgani sohada samarali natijalarga erishishda muhim hisoblanadi.
Aytish joizki, “yo‘l xaritasi” har ikki yilda ishlab chiqiladigan va uzviy davom etadigan asosiy tadbir bo‘lib qoladi.
Qarorga muvofiq, 2030 yilgacha maktabgacha ta’lim tashkilotlarining 3,3 million nafar tarbiyalanuvchisida, 4,2 million nafar maktab o‘quvchisi, 400 ming nafar o‘rta maxsus va kasbiy ta’lim tizimi tashkilotlarining o‘quvchisi hamda 1,9 million nafar talabalarda ekologik madaniyat yuksalishiga erishish maqsad qilingan. Shuningdek, davlat organlari, korxona va muassasalar xodimlarining asosiy qismi, ya’ni 90 foizida ekologik madaniyat yuksalishiga erishish belgilangan.
Konsepsiyada o‘z aksini topgan vazifalarni bajarish va oldinga qo‘yilgan maqsadga erishishda, eng avvalo, aholining ekologik madaniyatini yuksaltirishning huquqiy bazasini mustahkamlash, kadrlar salohiyatini oshirish, shuningdek, jamiyatning barcha bo‘g‘inida — oilada, maktabgacha ta’lim, umumiy o‘rta va o‘rta maxsus ta’lim tizimi tashkilotlarida, kasbiy ta’lim va oliy ta’limda, oliy ta’limdan keyingi bosqichda, davlat organlari va tashkilotlarida, mahallalarda aniq tizimli chora-tadbirlarni amalga oshirish belgilab berilgan.
Aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish Konsepsiyasining asosiy maqsadi o‘sib kelayotgan yosh avlodda ekologik bilim, ong va madaniyatni shakllantirish hamda rivojlantirish, ushbu yo‘nalishda ta’lim-tarbiya jarayonini samarali tashkil etish, aholining barcha qatlamlarida ekologik madaniyatni, shu jumladan “yashil” iste’mol madaniyatini yanada yuksaltirishdan iborat.
Shundan kelib chiqqan holda Konsepsiyada vakolatli davlat organlariga, “yashil iste’mol” madaniyatining kundalik qoidalarini bilishni, tabiiy resurslarni isrof qilmaslik kabi xalqimizning milliy qadriyatlarini targ‘ib qiluvchi targ‘ibot-tashviqot ishlarini tizimli ravishda amalga oshirish vazifalari belgilangan. Bu borada fuqarolik jamiyati institutlarining faolligini qo‘llab-quvvatlashning aniq moliyaviy manbalari ko‘rsatildi.
“Yashil iste’mol” madaniyati avvalombor, fuqarolarning ekologik mas’uliyatni his etgan holda jamiyatda yurish-turish, “yashil o‘sish” tamoyillariga asosan tabiiy resurslardan (suv, yer, yer osti boyliklari, o‘simlik va hayvonot dunyosi, atmosfera havosi) foydalanish va ularga nisbatan ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish hamda iste’mol madaniyatini rivojlantirishni o‘z ichiga qamrab oladi. Ushbu xislatlarni insonning yoshligidanoq ongida singdirish o‘z samarasini berishi mumkin.
“Yashil iste’mol” madaniyati mamlakatimiz aholisining ekologik madaniyatini yuksaltirish yaxlit tizimining asosiy elementi sifatida nafaqat mamlakatning oziq-ovqat yoki tabiiy resurslar xavfsizligini, balki mamlakatning barqaror iqtisodiyotini kafolatlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish Konsepsiyasida belgilab berilgan vazifalarning o‘z muddatida va sifatli amalga oshirilishi mamlakatimizda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, iqtisodiyotni yanada rivojlantirish orqali mamlakatning barqaror rivojlanishiga xizmat qiladi.
Konsepsiya ona tabiatni asrab-avaylash, insonlarda atrof-muhitga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish hissini shakllantirish, aholi, ayniqsa, yoshlar ongiga tabiatga muhabbat ruhini, qonunlarga rioya etish tushunchalarini singdirib borishdek ezgu maqsadlarni ro‘yobga chiqaradi. Zero, ekologik madaniyatni yuksaltirish bu jamiyatning barqarorligi va sog‘lom kelajagi uchun olib boradigan muhim yo‘ldir.
Muhtarama Komilova yozib oldi.
O‘zA