Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Aholi va tadbirkorlik sub’ektlari oldidagi ayrim byurokratik to‘siqlar bartaraf etilmoqda
17:51 / 2023-12-20

Davlat xizmatlari ko‘rsatganlik va murojaatlarni ko‘rib chiqqanlik uchun undiriladigan to‘lovlar miqdorlari esa kamaytirilmoqda.

Davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimini bosqichma-bosqich isloh qilish, tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash va himoya qilish, shuningdek, arxiv ishi sohasida zarur infratuzilmani yaratish bo‘yicha chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. 

Shu bilan birga, davlat organlari faoliyatida ortiqcha byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish, tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash va ularning huquqlarini himoya qilishning yangi mexanizmlarini joriy etish lozim. Ko‘rsatilayotgan davlat xizmatlari ro‘yxatini kengaytirish hamda nodavlat arxivlar faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar ko‘rish zarurati hozir ham mavjud. 

Shu maqsadda “Davlat xizmatlari ko‘rsatish hamda tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlarini va qonuniy manfaatlarini himoya qilish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun ishlab chiqilgan. 

Senat yalpi majlisida muhokama qilingan mazkur qonun bilan tegishli qonunlarga fuqarolar va yuridik shaxslarning murojaatlarini davlat organlari hamda boshqa tashkilotlar tomonidan ko‘rib chiqqanlik yoki davlat ro‘yxatidan o‘tkazganlik uchun davlat boji, yig‘imlar yoki boshqa to‘lovlar to‘langani haqidagi to‘lov hujjatlarining ko‘chirma nusxalarini taqdim etish to‘g‘risidagi talab bekor qilinishini nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. 

Qonun bilan yuridik shaxslarni xususiy bandlik agentliklarining reyestriga kiritish tartib-taomili ham soddalashtirilmoqda. 

Bundan tashqari, “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”gi qonunga ommaviy axborot vositasini ro‘yxatdan o‘tkazish haqidagi arizani ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ tomonidan ko‘rib chiqish muddati 15 kundan 10 kunga kamaytirishni, “Advokatura to‘g‘risida”gi qonunga esa advokatga guvohnoma berish muddatini kamaytirishni nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritilmoqda. 

Shuningdek, bog‘dorchilik-uzumchilik shirkatlarini, ishlab chiqarish va qishloq xo‘jaligi kooperativlarini ro‘yxatdan o‘tkazish (qayta ro‘yxatdan o‘tkazish) ham Davlat xizmatlari markazlarining zimmasiga yuklatilmoqda. 

Mazkur qonun davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimini tartibga solish, ularning ro‘yxatini kengaytirish hamda aholi va tadbirkorlik sub’ektlari uchun byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish, davlat xizmatlari ko‘rsatganlik va murojaatlarni ko‘rib chiqqanlik uchun undiriladigan to‘lovlar miqdorlarini kamaytirishga xizmat qiladi. 

Senatorlar ma’qullagan qonun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil devonining huquqiy maqomini qonun darajasida mustahkamlashda, shuningdek, nodavlat arxivlarning faoliyatini tashkil etish va tugatish tartib-taomilini soddalashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi. 

N.Abduraimova, O‘zA