Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi Jizzax viloyati hududiy boshqarmasida navbatdagi ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi.
Qo‘mita ochiqligini ta’minlash yuzasidan e’lon qilinishi lozim bo‘lgan ma’lumotlar ko‘lamini kengaytirish va dolzarbligini ta’minlash bo‘yicha OAV vakillari va blogerlarning takliflari hamda O‘zbekiston Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi vakillarining hamkorlik qilishi bo‘yicha tavsiyalari tinglandi.
Fuqaro U.Yangiboyev murojaatiga asosan, “YeUROAZIA MOTORS ” MCHJ tomonidan 185 million so‘mlik “ONIX” rusumli yengil avtomobil nosozligi tufayli yangisiga almashtirib berilgani, murojaat ijobiy yechim topganligi ta’kidlandi. Shuningdek, fuqaro N.Turanova “O‘zagrosug‘urta” AJ tomonidan 14 million so‘m pul mablag‘i qaytarib berilishida amaliy yordam bergan hududiy boshqarmaga o‘z minnatdorchiligini bildirdi.
Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi Jizzax viloyati hududiy boshqarmasiga 2023-yil davomida jismoniy va yuridik shaxslardan jami 800 dan ortiq murojaat kelib tushgan. Ushbu murojaatlarni o‘rganish ishlari natijasida 6 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ fuqarolar foydasiga qayta hisob-kitob qilinishi ta’minlangan.
[gallery-16680]
–Hududiy boshqarma tomonidan sohalar bo‘yicha monopol tashkilotlar va tabiiy monopoliya subyektlari tomonidan asossiz olingan daromad bo‘yicha 2023-yilda 11 ta holatda jami 7030 ta iste’molchidan salkam 4764 million so‘m mablag‘ qonunbuzilish natijasida ortiqcha olinganligi aniqlandi va shundan 57 million 300 ming so‘mini maxsus hisob raqamga undirish va 4706 million so‘mdan ortig‘i iste’molchilarga qayta hisob-kitob qilish yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi, – deydi Jizzax viloyat raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish hududiy boshqarmasi boshlig‘i Ilhom Mamatqulov. – Davlat xaridlari va boshqa savdolarda raqobatni ta’minlash sohasida viloyat hududiy boshqarmasi tomonidan 2023-yil davomida davlat buyurtmachilari tomonidan o‘tkazilgan 8185 ta tanlov (tender) savdolarida tahlil ishlari olib borildi. Tahlil natijasida buyurtmachilar tomonidan 2400 ta savdo jarayonida 2445 ta raqobatga zid harakatlar aniqlandi. Aniqlangan jami 2445 ta qonunbuzilish holatidan 2425 ta holat bo‘yicha huquqni muhofaza qilish organlariga va 20 ta holat yuzasidan hududiy boshqarma tomonidan 19 ta ish qo‘zg‘atilib, barchasiga tegishli bajarilishi majburiy ko‘rsatmalar berildi va 7 ta mansabdor shaxs ma’muriy javobgarlikka tortildi.
Qonun hujjatlari va davlat organlari qarorlarining raqobat muhitiga ta’sirini baholash bo‘yicha hududiy boshqarma tomonidan 2023-yil mobaynida jami 20 ta, shundan 13 ta shahar va tuman hokimliklari hamda 7 ta mahalliy davlat boshqaruvi organlarida O‘zbekiston Respublikasining “Raqobat to‘g‘risida”gi qonuni talablari ijrosi yuzasidan “yex-post” usulida o‘rganish o‘tkazildi.
“Raqobat to‘g‘risida”gi qonuni talablari buzilishi holatlariga yo‘l qo‘yilgan jami 120 ta hujjat bekor qilingan va amaldagi qonun hujjatlariga muvofiqlashtirilgan.
Jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlari bilan ishlash bo‘yicha hududiy boshqarmaga 2023-yil davomida 768 ta murojaat, shundan 722 tasi jismoniy, 46 tasi yuridik shaxslardan kelib tushgan.
Jismoniy shaxslardan kelib tushgan murojaatlardan 509 tasi to‘liq qanoatlantirilgan, 108 tasiga tushuntirish berilib, ijobiy hal etilgan, 87 tasi tegishliligi bo‘yicha mutasaddi idoralarga yuborilgan, 18 ta murojaat esa ko‘rib chiqilmoqda.
Erkin va ochiq muloqot tarzida o‘tgan tadbirda qo‘mita va hududiy boshqarmalar faoliyati ochiqligini ta’minlash yuzasidan e’lon qilinishi lozim bo‘lgan ma’lumotlar ko‘lamini kengaytirish va dolzarbligini ta’minlash bo‘yicha vazifalar belgilab olindi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari