French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Aholi va tadbirkor o‘rtasidagi ziddiyatni kim bartaraf etadi?
13:41 / 2022-11-08

Bir murojaat izidan

Xorazm viloyati Urganch tumani Islomobod mahallasida yashovchi aholi va yosh tadbirkor o‘rtasida bir necha yillardan buyon  nizo va kelishmovchilik yuzaga kelmoqda.  Bu haqida O‘zbekiston Milliy axborot agentligi – O‘zAga kelib tushgan murojaatda batafsil ma’lumot berilgan.  

Gap shundaki,  Urganch tumani hokimligi tomonidan 2019 yil 26 avgust kuni qabul qilingan qaror asosida “Yoshlar kelajagimiz” dasturi doirasida fuqaro Ahmadjon Matqurbonovga Islomobod mahallasi hududidan maishiy xizmat ko‘rsatish  shoxobchasi qurish uchun 1200 kv metr yer maydoni ajratilgan. Lekin, yosh tadbirkor bu joyda maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchasi emas, balki yashash uchun mo‘ljallangan binoning poydevorini qurishni boshlaydi. Bu mahalliy aholining haqli e’tiroziga sabab bo‘ladi.  

– Yosh tadbirkor A.Matqurbonovga uyimni ro‘parasidan yer maydoni ajratilganidan so‘ng qurilish ishlari boshlandi, – deydi shu mahallada yashovchi Bahrom Rahimov. – Biroq, yosh tadbirkor emas, boshqa shaxslar tomonidan yashash uchun uy qurila boshlandi. Buning ustiga yo‘lning bir qismini ham noqonuniy egallab oldi. Eng qizig‘i  qo‘shnilarning turar joyi yon tomonidan ko‘kalamzorlashtirish uchun bog‘ qilib qo‘ygan qismiga ham o‘tib ketdi. Aslida 14 metr bo‘lgan ko‘chamiz torayib avtotransport va piyodalar harakatlanishi uchun qiyinchiliklar tug‘dira boshladi. Biz tegishli idoralarga murojaat qildik. Shundan so‘ng A.Matqurbonov o‘ziga “Yoshlar kelajagimiz” dasturi asosida tadbirkorlik qilish uchun ajratilgan 1200 kv.m dan iborat bo‘lgan yer maydonining uchdan ikki qismini Rieltorlik xizmatlari ko‘rsatuvchi tashkilotlar orqali 2020 yilda oldi-sotdi shartnomasiga asosan noqonuniy ravishda sotib yuborgan.  

Ana shundan so‘ng, mahalla ahli tadbirkorni ustidan yozishni boshladi.  

– Biz mahalladoshlarimiz bilan birgalikda viloyat va tuman hokimi, viloyat va tuman prokuraturasi va sud organlariga murojaat qildik. Ularning sayyor qabullarida qatnashdik, – deydi Murad Hakimov. – Biroq,  qurilish ishlari davom etaverdi. Ba’zi hollarda aholining noroziligi kuchayib ketib, ayrim mutasaddilarning aralashuvi bilan bu ishlar to‘xtatildi. Urganch tuman prokuraturasi bu ishni o‘rgandi va tuman hokimining 2019 yil 26 avgustdagi “Yoshlar kelajagimiz” dasturi asosida fuqaro Ahmadjon Matqurbonovga Islomobod mahallasi hududidan maishiy xizmat ko‘rsatish  shoxobchasi qurish uchun 1200 kv metr yer maydoni ajratish to‘g‘risida”gi qarorini  qonunga zid deb topdi. Shu yili avgust oyida tuman hokimligining davosi bilan fuqarolik  ishlari bo‘yicha Urganch tumanlararo sudida A.Matqurbonovga ajratilgan yer maydonidagi noqonuniy qurilmalarni bartaraf qilish va yer maydonni o‘z holiga keltirish to‘g‘risida sud qarori e’lon qilindi. Biz, ushbu adolatli qaror chiqqanidan xursand bo‘lgan edik. Lekin, bir qancha vaqt o‘tgach Urganch tumanlararo ma’muriy sudi yana tadbirkor  foydasiga ishni hal qildi.  

Ta’kidlash lozimki, Urganch tuman hokimi A.Matqurbonovga tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish uchun ajratilgan maydon boshqa maqsadda foydalanilayotgani va tuman prokuraturasining protestiga asosan o‘zining 26.08.2019 yildagi 5243k-sonli qarorini 2021 yil 28 apreldagi 956k-sonli qarori bilan bekor qiladi. Biroq, A.Matqurbonovning sudga murojaati yuzasidan Urganch tuman hokimining 2021 yil 28 apreldagi mazkur qarori Urganch tumanlararo ma’muriy sudining 2021 yil 9 iyun kunidagi hal qiluv qarori bilan haqiqiy emas, deb topilib, hokimining 26.08.2019 yildagi 5243K-sonli qarori qonuniy kuchida qoldiriladi.  

Oradan vaqt o‘tib yosh tadbirkor o‘ziga tegishli yer maydonida fundament ishlarini amalga oshirib, qurilish ishlarini boshlamoqchi bo‘ladi. Urganch tuman prokuraturasi tomonidan esa 2022 yil 16 fevral kuni Urganch tumanlararo ma’muriy sudining 2021 yil 9 iyun kunidagi hal qiluv qarori qonuniy kuchga kirganidan so‘ng 7 oy muddat o‘tib, yana takroran Urganch tumani hokimining 26.08.2019 yildagi 5243k-sonli qarorini haqiqiy emas deb topish to‘g‘risida ariza bilan murojaat qiladi. Ammo, sud ushbu arizani da’vo qilish muddati o‘tkazib yuborilganligi sababli rad qiladi.    

Urganch tuman hokimligi esa yaqinda yana ushbu masala yuzasidan sudga murojaat qilgan.   

Mahalla aholisi so‘zlariga ko‘ra, bu mahallada nafaqat A.Matqurbonovga ajratilgan ushbu maydon, balki undan boshqa yana shunday nizoli yerlar jismoniy va yuridik shaxslarga bo‘lib berilgan. Bunday masalalar shu kunlarda  ijtimoiy tarmoqlarda urchimoqda. Aholi va tadbirkor o‘rtasidagi ziddiyat esa tobora kuchayib bormoqda.  Bu muammoni kim hal etadi, noma’lum. Bu borada mutasaddi tashkilotlardan izoh kutib qolamiz.  

 

Bu mavzuga yana qaytamiz.  

Ahmadjon SHOKIROV,  

O‘zA muxbiri