French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish: maqsad va vazifalar tushuntirildi
10:34 / 2026-01-20

FOTOREPORTAJ

Buxoroda aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbirlariga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasida aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish jarayonining maqsad va vazifalari haqida tushunchalar berildi.

Ma’lumki, aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish jarayoni davlat miqyosida amalga oshirilayotgan muhim statistik tadbir bo‘lib, u mamlakat hududida yashovchi aholining demografik, ijtimoiy-iqtisodiy holati hamda qishloq xo‘jaligi faoliyati to‘g‘risida to‘liq va ishonchli ma’lumotlarni yig‘ishga qaratilgan.  

Ta’kidlanganidek, ro‘yxatga olish jarayoni bir necha muhim bosqichlardan iborat bo‘lib, ularning har biri ma’lumotlarning aniqligi va ishonchliligini ta’minlashga xizmat qiladi. Ushbu jarayonning ikkinchi bosqichi – sinov (pilot) ro‘yxatga olish bosqichi hisoblanadi. Mazkur bosqichda ro‘yxatga olishning amaliy mexanizmlari kichik hududlar yoki tanlab olingan aholi punktlarida sinovdan o‘tkaziladi. Sinov jarayonida savolnomalarning tushunarliligi, ma’lumotlarni yig‘ish usullari, texnik vositalarning ishlash samaradorligi hamda tashkiliy jarayonlar baholanadi. Aniqlangan kamchilik va muammolar tahlil qilinib, asosiy ro‘yxatga olish boshlanishidan oldin bartaraf etiladi. Bu esa kelgusida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xatoliklarning oldini olishga xizmat qiladi.  

[gallery-27197]

Uchinchi bosqich – bevosita ro‘yxatga olish bosqichi bo‘lib, unda aholi va qishloq xo‘jaligi sub’ektlari to‘g‘risidagi asosiy ma’lumotlar yig‘iladi. Aholini ro‘yxatga olish jarayonida respondentlarning shaxsiy va ijtimoiy-demografik ko‘rsatkichlari, yashash sharoitlari, bandlik va ta’lim holati bo‘yicha ma’lumotlar to‘planadi. Qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olishda esa yer maydonlari, ekin turlari, chorva va parrandalar soni, texnika hamda ishlab chiqarish vositalari haqidagi axborotlar olinadi. Ushbu jarayon an’anaviy usulda yoki zamonaviy onlayn ro‘yxatga olish tizimlari orqali amalga oshirilishi mumkin bo‘lib, ma’lumotlarning to‘liq va haqqoniy bo‘lishi qat’iy nazorat qilinadi.

To‘rtinchi bosqichda yig‘ilgan ma’lumotlar tekshiriladi va qayta ishlanadi. Bu bosqichda mantiqiy va statistik xatoliklar aniqlanib, tuzatiladi, ma’lumotlar elektron bazaga kiritilib, tizimlashtiriladi va kodlanadi. Ushbu jarayon ma’lumotlar sifatini oshirish hamda yakuniy natijalarning aniqligini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega.

Beshinchi bosqich – tahlil va umumlashtirish bosqichida qayta ishlangan ma’lumotlar asosida statistik tahlillar o‘tkazilib, hududlar va ko‘rsatkichlar kesimida umumlashtirilgan natijalar shakllantiriladi. Aholining demografik holati, ijtimoiy-iqtisodiy ko‘rsatkichlari va qishloq xo‘jaligi salohiyati bo‘yicha xulosalar chiqarilib, statistik jadval, diagramma va tahliliy hisobotlar tayyorlanadi.

Oltinchi bosqichda ro‘yxatga olish natijalari rasmiy statistik nashrlar, elektron platformalar va ommaviy axborot vositalari orqali e’lon qilinadi. Olingan ma’lumotlar davlat boshqaruvi organlari, ilmiy tadqiqot muassasalari hamda keng jamoatchilik tomonidan ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish dasturlarini ishlab chiqishda, qishloq xo‘jaligini rivojlantirish va aholi farovonligini oshirishga qaratilgan strategik qarorlar qabul qilishda keng qo‘llaniladi.

Tadbir davomida ommaviy axborot vositalari vakillari o‘zlarini qiziqtirgan savollariga atroflicha javob oldi.

Tohir ISTATOV(surat),O‘zA