Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish – mamlakat taraqqiyoti uchun muhim qadam
22:47 / 2026-01-14

Navoiy shahridagi Yoshlar markazida viloyat Statistika boshqarmasi tomonidan joriy yilning 15 yanvaridan boshlanadigan aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish jarayoniga bag‘ishlangan matbuot anjumani tashkil etildi.

Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda oxirgi umummilliy aholini ro‘yxatga olish jarayoni 1989 yilda o‘tkazilgan bo‘lib, o‘tgan 35 yildan ortiq vaqt ichida demografik va ijtimoiy-iqtisodiy ko‘rsatkichlarda sezilarli o‘zgarishlar yuz berdi. Bu o‘zgarishlar zamonaviy talablar va xalqaro standartlarga muvofiq aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olishning yangi bosqichini tashkil etish zaruriyatini keltirib chiqardi.

Ushbu maqsadda O‘zbekiston Respublikasining “Aholini ro‘yxatga olish to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilindi, unda aholini kamida har 10 yilda, qishloq xo‘jaligini esa har 5 yilda ro‘yxatga olish belgilandi. 2021 yilda aholi va 2022 yilda qishloq xo‘jaligi sinov tariqasida ro‘yxatga olindi. To‘liq ro‘yxatga olishni amalga oshirish uchun zarur texnik tayyorgarlik, huquqiy asoslar va boshqa omillarga tayyorgarlik ishlab chiqilganidan so‘ng, ushbu tadbir 2026 yilga ko‘chirildi.

– Aholini ro‘yxatga olish jarayonining qishloq xo‘jaligi bilan uyg‘un holda amalga oshirilishi muhim strategik ahamiyatga ega bo‘lib, ro‘yxatga olish xarajatlarini sezilarli darajada qisqartirish, vaqtni tejash va so‘rovlarni maqbullashtirish imkonini beradi, – deydi boshqarma bosh yurist konsulti Akmal Murodov. – Bu yondashuv mamlakatning moliyaviy va tashkiliy resurslarini samarali boshqarishga xizmat qiladi, shu bilan birga ma’lumotlarning to‘liqligi va sifatini oshiradi. 2026 yil 15 yanvardan 28 fevralgacha bo‘lib o‘tadigan jarayon 3 ta bosqichda tashkil etiladi. Dastlabki 17 kun davomida aholiga internet orqali ma’lumotlarni kiritish imkoniyati yaratiladi. Bunda fuqarolar census.stat.uz portali orqali OneID tizimi yordamida ro‘yxatdan o‘tadi. Aholi o‘zi va oila a’zolari to‘g‘risidagi savolnomani mustaqil to‘ldirishi mumkin bo‘ladi. Keyingi bir oy mobaynida esa “mahalla yettiligi” a’zolari ishtirokida uyma-uy yurilib, ma’lumotlar yig‘iladi. Jarayonni muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun “mahalla yettiligi” a’zolari maxsus dasturlar asosida tayyorlandi va ularning faoliyati rag‘batlantirilib boriladi. Ularning aholi bilan doimiy muloqotda bo‘lishi va mahalliy aholi ehtiyoji hamda sharoitlarini yaxshi bilishi ro‘yxatga olish ma’lumotlarining sifatini, haqqoniyligi va aniqligini kafolatlaydi. Bu yondashuv nafaqat iqtisodiy tejamkorlikni ta’minlaydi, balki davlat va jamiyat o‘rtasidagi ishonch va hamkorlikni mustahkamlaydi.

[gallery-27132]

Ro‘yxatga olish jarayonlari yakunlangandan so‘ng ma’lumotlarni qayta ishlash va tahlil qilish bosqichi boshlanadi. Natijalar Yevropa statistiklar konferensiyasining 2020 yilgi tavsiyalariga muvofiq umumlashtiriladi. Natijada mamlakatimiz aholisining demografik tarkibi, migratsiya jarayonlari, oilaviy holati, faoliyat turlari va daromad manbalari to‘g‘risida yagona ma’lumotlar bazasi shakllanadi. Bundan tashqari, qishloq xo‘jaligi yerlaridan foydalanish, chorvachilik va parrandachilik sohasiga oid ko‘rsatkichlar aniqlanadi.

Yig‘ilgan ma’lumotlar respublika va hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, aholi salomatligini yaxshilash va oilalarga yordam ko‘rsatish bo‘yicha dasturlarni manzilli ishlab chiqishda muhim axborot bazasi bo‘lib xizmat qiladi.

– So‘rovnomadagi 71 ta savolning 54 tasi aholiga, 17 tasi qishloq xo‘jaligiga oid, – deydi boshqarma mas’ul xodimi Zafar Bozorov. – Jumladan, savolnomadan asosiy demografik ko‘rsatkichlar, aholining daromad manbai, bandligi va ta’lim darajasi, turar joy xususiyatlari, ayrim toifalar, chet el fuqarolari hamda qishloq xo‘jaligi bo‘yicha savollar o‘rin olgan. Ushbu tadbir xalqaro tashkilotlar tomonidan ham yuqori baholanmoqda. BMT Aholishunoslik jamg‘armasi va BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti ekspertlari O‘zbekistonning aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish bo‘yicha tayyorgarlik ishlari va ushbu jarayonning birgalikda tashkil etilishiga ijobiy xulosalar bildirgan. Xalqaro tashkilotlarning qo‘llab-quvvatlovi esa O‘zbekistondagi ro‘yxatga olish jarayonining global standartlarga muvofiqligini va uning natijalari xalqaro miqyosda e’tirof etilishini ko‘rsatadi.

Matbuot anjumanida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob oldi.

A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat), O‘zA muxbirlari