Navoiy viloyati statistika boshqarmasida “Aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish tartibi to‘g‘risida” o‘quv-amaliy seminar tashkil etildi.
Milliy statistika qo‘mitasi mas’ul xodimlari, viloyat statistika boshqarmasi rahbar va mutaxassislari, Mahalla uyushmasi vakillari hamda Navoiy davlat universiteti professor-o‘qituvchilari ishtirok etgan tadbirda hududiy statistika bo‘limlari xodimlari Zoom platformasi orqali onlayn tarzda qatnashdi.

Tadbirda davlatimiz rahbarining 2025 yilning 19 sentyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbirini o‘tkazish to‘g‘risida”gi farmoni mazmun-mohiyati haqida so‘z yuritilib, bu jarayon aholining demografik va ijtimoiy-iqtisodiy ko‘rsatkichlari, yashash sharoiti hamda farovonlik darajasi, shuningdek, qishloq xo‘jaligi holatining aniq ma’lumotlar orqali baholanishi mamlakatning uzoq muddatli taraqqiyot yo‘nalishlarini belgilashda muhim dasturlardan biri ekanligi ta’kidlandi.

Ro‘yxatga olish jarayonlari uch bosqichda amalga oshirilib, dastlab fuqarolar “census.stat.uz” portali orqali jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsion raqami yordamida onlayn ro‘yxatdan o‘tsa, keyingi bosqichda esa “mahalla yettiligi” va boshqa jalb qilingan xodimlar uyma-uy yurib ma’lumot to‘playdi. Ro‘yxatga olish jarayonlari yakunlangandan so‘ng ma’lumotlarni qayta ishlash va tahlil qilish bosqichi boshlanadi.
Muloqot davomida ishtirokchilarga ro‘yxatga olish ma’lumotlari sifati va ishonchliligini ta’minlash, axborot tizimlaridan samarali foydalanish hamda so‘rovnomalarni to‘ldirish bo‘yicha amaliy ko‘rsatmalar berildi.

Ro‘yxatga olish natijalari mamlakat taraqqiyoti uchun muhim bo‘lib, milliy rivojlanish maqsadlarini baholash, xalqaro reytinglarda o‘rinni yuksaltirish, investorlarni jalb etish va turizm salohiyatini oshirishda asosiy manba bo‘lib xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
Farmonga asosan aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbiri 2026 yil 15 yanvardan 28 fevralga qadar o‘tkaziladi.
A.Bo‘riyev, O‘zA