Samarqand viloyati Matbuot uyida yurtimizda 2026 yil 15 yanvardan 28 fevralgacha o‘tkaziladigan aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbirini tashkil etishga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Viloyatdagi ommaviy axborot vositalari, mahalliy hokimliklar, boshqarma va idoralar matbuot kotiblari ishtirok etgan tadbirda Milliy statistika qo‘mitasi Samarqand viloyat statistika boshqarmasi mas’ullari aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olishning ahamiyati, tadbirni tashkil etish bosqichlari haqida batafsil ma’lumot berdi.
– Joriy yilning 11 sentyabr kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish ishlarini samarali tashkil etishga oid takliflar taqdimoti bilan tanishdi, – dedi Samarqand viloyat statistika boshqarmasi boshlig‘i Sharof Abdiyev. – Unda xalqaro tajribadan kelib chiqib hamda Jahon banki va xalqaro tashkilotlar ishtirokida ishlab chiqilgan aholi va qishloq xo‘jaligini bir vaqtda ro‘yxatdan o‘tkazish taklifi ko‘rib chiqildi. 19 sentyabr kuni esa davlatimiz rahbarining “O‘zbekiston Respublikasida aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbirini o‘tkazish to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi. Mazkur hujjat bilan aholining demografik va ijtimoiy-iqtisodiy xususiyatlari, yashash darajasi va farovonligi, qishloq xo‘jaligi holati, tarkibi hamda aholini ijtimoiy ahamiyatga molik asosiy turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan ta’minlash istiqbollarini baholash tizimini yaratish uchun zarur ma’lumotlar bazalarini shakllantirish maqsadida aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbiri o‘tkazilishi belgilandi.
[gallery-25693]
Hozir jahonning ko‘plab rivojlangan davlatlarida aholi o‘rtacha har o‘n yilda kamida bir marta ro‘yxatdan o‘tkazilmoqda. Aholi sonini ro‘yxatga olish mamlakatda yashovchi barchaga tegishli bo‘lgan demografik, iqtisodiy va ijtimoiy ma’lumotlarni yig‘ish, umumlashtirish, baholash, tahlil va e’lon qilishning yagona jarayonidir. U aholi to‘g‘risidagi ma’lumotlarning asosiy manbai bo‘lib, kelgusi 10-20 yillik rivojlanishning prognoz ko‘rsatkichlarini hisoblash uchun ishonchli poydevor yaratadi. Aholi migratsiyasi to‘g‘risidagi ma’lumotlar shakllantiriladi.
Yurtimizda so‘nggi umummilliy aholini ro‘yxatga olish 1989 yilda o‘tkazilgan. Shundan beri aholi soni ancha oshdi, ijtimoiy-iqtisodiy sharoitlar ham sezilarli darajada o‘zgardi. Shu sababli bugungi kunda aholi va qishloq xo‘jaligi haqida yangilangan ma’lumotlarga katta ehtiyoj bor.
– O‘zbekistonda 2026 yil 15 yanvardan 28 fevralgacha aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbiri o‘tkaziladi, – deydi Samarqand viloyat statistika boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Firdavs Shukurov. – Ro‘yxatga olish jarayonlari oddiy va shaffof tarzda tashkil etiladi. Savollarning soni avval rejalashtirilgan 328 tadan 71 taga qisqartirildi. Ro‘yxatga olish orqali 38 million aholining yoshi, oilaviy holati, ta’lim darajasi, migratsiya jarayonlari, ish bilan bandligi va daromad manbalari haqida yagona ma’lumotlar bazasi shakllanadi. Shu bilan birga, qishloq xo‘jaligida yerdan foydalanish, chorvachilik va parrandachilik ko‘rsatkichlari aniqlanadi.
Tadbir ikki bosqichda amalga oshiriladi. Avvalgi 17 kun davomida fuqarolar “census.stat.uz” portali orqali OneID tizimi yoki jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsion raqami (JSHSHIR) yordamida onlayn ro‘yxatdan o‘tishlari mumkin. Keyingi bosqichda esa “mahalla yettiligi” va boshqa faollar uyma-uy yurib ma’lumot to‘playdi. Hozir joylarda tayyorgarlik ishlari izchil olib borilmoqda.
Matbuot anjumanida ro‘yxatga olish jarayonlarida aholining faol ishtirokini ta’minlash maqsadida ommaviy axborot vositalari ijtimoiy tarmoqlar orqali keng targ‘ibot ishlarini olib borishi zarurligi ta’kidlandi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari