Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Aholi va davlat xizmatchilarining korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi bilimlarini uzluksiz oshirish tizimini joriy qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida
15:01 / 2024-06-22

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

So‘nggi yillarda mamlakatimizda korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashishning huquqiy va institutsional asoslari takomillashtirilib, jamiyatda korrupsiya illatiga nisbatan murosasiz muhitni shakllantirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirildi.

Jumladan, davlat organlari va tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi kurashishning zamonaviy mexanizmlari keng joriy etilib, ularning faoliyatida ochiqlikni ta’minlash va jamoatchilik oldida hisobdorlikni oshirish bo‘yicha tizimli choralar ko‘rildi.

Shu bilan birga, aholi va davlat xizmatchilarida korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, ularga “halollik vaksinasi”ni singdirish hamda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi bilim 
va ko‘nikmalarini oshirish tizimini zamon talablaridan kelib chiqqan holda yangi bosqichga olib chiqish zarurati yuzaga kelmoqda.

“O‘zbekiston – 2030” strategiyasiga muvofiq aholi va davlat xizmatchilarining korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi bilimlarini uzluksiz oshirib borishning keng qamrovli tizimini joriy etish maqsadida:

1. O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi (keyingi o‘rinlarda – Agentlik) va Bosh prokuraturasining aholi va davlat xizmatchilarining korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi bilimlarini uzluksiz oshirishga qaratilgan “Korrupsiyaga qarshi kurashish virtual akademiyasi” elektron platformasini (keyingi o‘rinlarda – Virtual akademiya) 2025 yil 1 yanvardan joriy etish haqidagi taklifi ma’qullansin.

2. Aholi va davlat xizmatchilarining korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi bilimlarini uzluksiz oshirish tizimining ustuvor yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilansin:

aholi va davlat xizmatchilarining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan huquqiy immunitetni shakllantirish, yosh avlod ongiga halollik qadriyatlarini singdirish;

korrupsiyaga qarshi kurashishga mas’ul hamda korrupsiyaviy 
xavf-xatarlar yuqori bo‘lgan davlat xizmati lavozimlaridagi xodimlarning bilim, ko‘nikma va malakalarini doimiy ravishda oshirib borish;

davlat xizmatchilarining korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi bilimlarini baholash va sertifikatlash hamda sertifikat olgan 
davlat xizmatchilarining reyestrini yuritish;

korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi milliy va xorijiy tajriba, ilmiy, uslubiy va amaliy ishlanmalar, erishilgan yutuqlar bo‘yicha elektron ma’lumotlar bazasini yuritish;

korrupsiyaga qarshi kurashishning dolzarb muammolari yuzasidan ilmiy-tadqiqot dasturlari va loyihalarini, shu jumladan, milliy, xorijiy va xalqaro grantlarni jalb qilgan holda amalga oshirish.

3. Belgilansinki, Virtual akademiyada o‘quv faoliyatini tashkil etish va yuritish Agentlik hamda Huquqni muhofaza qilish akademiyasi (keyingi o‘rinlarda – Akademiya) tomonidan amalga oshiriladi. Bunda:

a) Agentlik:

korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha o‘qitilishi lozim bo‘lgan 
davlat xizmatchilari kontingentini shakllantiradi va Akademiya 
bilan kelishgan holda yillik o‘qitish reja-grafigini tasdiqlaydi;

o‘quv jarayoni sifatli tashkil etilishini monitoring qilib boradi; 

korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha davlat siyosati, korrupsiyaviy xavf-xatarlar va tadqiqot natijalarini inobatga olib, yangi o‘quv modullarini joriy etish bo‘yicha Akademiyaga takliflar kiritadi;

o‘qitish tizimining samarali faoliyat ko‘rsatishi uchun o‘quv jarayoniga jalb qilingan davlat organlari va tashkilotlari bilan yaqindan hamkorlik qiladi;

Akademiya bilan birgalikda har yili O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashiga Virtual akademiya faoliyati yuzasidan axborot kiritadi;

b) Akademiya:

Virtual akademiyaning uzluksiz ishlashini, o‘quv kontenti 
va materiallari bilan muntazam to‘ldirilishi va yangilab borilishini ta’minlaydi;

korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida o‘quv jarayonini tashkil etadi, shu jumladan, o‘quv rejalari va dasturlarini ishlab chiqadi, o‘quv kurslari haqidagi ma’lumotlarni Virtual akademiyada joylashtiradi;

tinglovchilarning bilimlarni o‘zlashtirishi natijalari bo‘yicha elektronma’lumotlar bazasini shakllantiradi, o‘quv kurslarini tamomlagan shaxslarning reyestrini yuritadi;

o‘quv jarayoniga davlat organlari va tashkilotlarining, oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalarining malakali mutaxassislarini, 
shu jumladan,a xorijiy ekspertlarni jalb qiladi.

4. Virtual akademiyada o‘qitish quyidagi kontingent uchun korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha o‘quv dasturlari asosida olib boriladi: 

aholi, tadbirkorlik sub’ektlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va boshqa fuqarolik jamiyati institutlari vakillari;

ta’lim tashkilotlari tarbiyalanuvchilari, o‘quvchilari va talabalari;

davlat organlari va tashkilotlarining davlat xizmatchilari (keyingi o‘rinlarda – davlat xizmatchilari);

davlat ishtirokidagi korxonalarning xodimlari.

5. Belgilab qo‘yilsinki:

a) Virtual akademiyada o‘qitish korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida bazaviy hamda maxsus o‘quv kurslari bo‘yicha yo‘lga qo‘yiladi. Bunda:

bazaviy o‘quv kurslarida o‘qitish barcha foydalanuvchilar uchun 
bepul asosda tashkil etiladi;

maxsus o‘quv kurslarida malaka oshirish to‘lov-shartnoma asosida amalga oshiriladi;

b) davlat xizmatchilariga Virtual akademiyaning maxsus o‘quv kurslarida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida malakasini oshirish majburiy hisoblanadi. Bunda:

davlat xizmatchisi ishga qabul qilinganidan so‘ng uch oy ichida 
o‘quv kursidan o‘tadi;

davlat xizmatchilari malakasini oshirishning davriyligi 
har uch yilda kamida bir martani tashkil etadi;

korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari va korrupsiyaviy 
xavf-xatarlar yuqori bo‘lgan davlat xizmati lavozimlarida faoliyat ko‘rsatuvchi xodimlar uchun maxsus kurslar chuqurlashtirilgan o‘quv dasturlari asosida olib boriladi;

v) davlat xizmatchilari hisoblanmaydigan shaxslarni maxsus o‘quv kurslarida o‘qitish ixtiyoriylik asosida amalga oshiriladi.

6. Quyidagilar Virtual akademiya faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:

to‘lov-shartnoma asosida o‘qitishdan tushadigan mablag‘lar;

Akademiyaning byudjetdan tashqari mablag‘lari;

Agentlikning rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari;

jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;

xalqaro tashkilotlarning grantlari va mablag‘lari;

qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar.

7. “Korrupsiyaga qarshi kurashish virtual akademiyasi” elektron platformasining samarali faoliyatini ta’minlash va moddiy-texnik bazasini mustahkamlash bo‘yicha “yo‘l xaritasi” ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

8. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq:

a) maxsus o‘quv kurslarida to‘lov-shartnoma asosida malaka oshirish uchun to‘lov miqdori Akademiyaning Vasiylik kengashi tomonidan Agentlik hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi;

b) maxsus o‘quv kurslarini muvaffaqiyatli tamomlagan shaxslarga Agentlik va Akademiya tomonidan tasdiqlanadigan namunadagi sertifikat beriladi;

v) davlat xizmatchilarining malakasini oshirish bilan bog‘liq xarajatlar tegishli davlat organi yoki tashkilotiga ushbu maqsadlar 
uchun nazarda tutilgan byudjet mablag‘lari doirasida yoxud ularning byudjetdan tashqari mablag‘lari, shuningdek, qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan qoplanadi;

g) to‘lov-shartnoma asosida o‘qitishdan tushadigan mablag‘lar Akademiya hisobvarag‘ida jamlanadi va quyidagi maqsadlarga yo‘naltiriladi:

Virtual akademiya faoliyatida foydalanishga oid materiallarni tayyorlash uchun buyurtmalar berish;

Virtual akademiya faoliyatini ta’minlashga mas’ul xodimlarni moddiy rag‘batlantirish va ularning malakasini oshirish;

Virtual akademiyaning uzluksiz ishlashi va uning faoliyatini samarali tashkil etish bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash;

o‘qitish jarayoniga tegishli xodimlar, ilmiy-pedagogik kadrlar 
va mutaxassislarni, shu jumladan, xorijiy ekspertlarni jalb qilish bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash.

Bunda, o‘qitishdan tushadigan mablag‘lar yuqorida nazarda tutilgan xarajatlar qoplanganidan so‘ng Agentlik va Akademiyaning byudjetdan tashqari jamg‘armalariga teng ulushlarda taqsimlanadi.

9. Davlat organlari va tashkilotlari muntazam ravishda 
o‘z xodimlarining Virtual akademiyada korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida malakasini oshirib borishlarini ta’minlasin.

Davlat ishtirokidagi korxonalarga xodimlarini Virtual akademiyada korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida malakasini oshirish choralarini ko‘rib borish tavsiya etilsin.

10. Korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashishga qaratilgan ilmiy tadqiqotlarni tizimli va samarali tashkil etish maqsadida:

Agentlik tomonidan oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot tashkilotlari uchun korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan tavsiyaviy yillik ilmiy-tadqiqot mavzularini shakllantirish;

barcha oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot tashkilotlari tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida amalga oshirilgan ilmiy tadqiqotlar natijalarini Agentlikka taqdim etish;

Akademiya tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida erishilgan yutuqlar, milliy va xorijiy tajriba, ilmiy, uslubiy 
va amaliy ishlanmalar hamda ilmiy-tadqiqot ishlari bo‘yicha elektron ma’lumotlar bazasini mualliflik huquqlariga rioya qilgan holda yuritish tartibi joriy etilsin.

Agentlik va Akademiya sohadagi ilmiy tadqiqotlarni maqsadli 
va sifatli amalga oshirish, natijalarini ommalashtirish bo‘yicha 
O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashiga muntazam ravishda takliflar kiritib borsin.

11. Agentlik va Akademiya:

manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda Virtual akademiyada o‘qitishni tashkil etish tartibini ishlab chiqib, tasdiqlasin;

2025 yil 1 yanvarga qadar “Korrupsiyaga qarshi kurashish virtual akademiyasi” elektron platformasi va uning mobil ilovasini ishga tushirsin.

12. Akademiya Agentlik, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan birgalikda:

2024 yil 1 oktyabrga qadar ta’lim tashkilotlari tarbiyalanuvchilari, o‘quvchilari va talabalari uchun Virtual akademiyada tashkil etiladigan maxsus dasturlar va kontentning ishlab chiqilishini;

muntazam ravishda ta’lim tashkilotlari tarbiyalanuvchilari, o‘quvchilari va talabalari uchun maxsus dasturlar va kontentning yangilab borilishini ta’minlasin.

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Oliy ta’lim, fan 
va innovatsiyalar vazirligi hamda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi ta’lim oluvchilar uchun Korrupsiyaga qarshi ta’lim 
va yoshlarning imkoniyatlarini kengaytirish global resursi (GRACE) dasturi doirasida sifatli multiplikatsion film, videolavha 
va audiomateriallarni yaratish maqsadida xorijiy investitsiyalar, grantlar hamda homiylik xayriyalarini jalb qilish choralarini ko‘rsin.

13. Agentlik va Bosh prokuratura O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi bilan birgalikda mazkur qarorning 
mazmun-mohiyati hamda maqsad va vazifalarining ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishini ta’minlasin.

14. Agentlik ikki oy muddatda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

15. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga 
mas’ul va shaxsiy javobgar etib Agentlik direktori A.E.Burxanov 
va Bosh prokuror N.T.Yo‘ldoshev belgilansin.

Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi raisi T.K.Narbayeva hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining huquqni muhofaza qiluvchi 
va nazorat organlari faoliyatini muvofiqlashtirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi D.B.Kadirov zimmasiga yuklansin.

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Sh.MIRZIYOEV

 

Toshkent shahri,

2024 yil 21 iyun