Senat ishchi guruhining Toshkent viloyatiga xizmat safari davomida aholi muammolari o‘rganildi. O‘rganishlarda Qibray tumanining Tinchlik hamda GES Qodiriya mahallalarini bog‘lovchi “Burota – GES Qodiriya – G‘isht zavodi” mahalliy avtomobil yo‘lining Bo‘zsuv kanali ustidan o‘tuvchi ko‘prik ta’mirtalab holatda ekani aniqlandi.
Ma’lum bo‘lishicha, 2022 yildagi surunkali yog‘ingarchilik va 2023 yildagi anomal sovuq natijasida ko‘prikning chetlari vayron bo‘lgan.
“O‘zyo‘lko‘prik” klasteri davlat muassasasining xulosasi hamda Qibray tumani hokimining 2025 yil 19 iyundagi farmoyishiga asosan joriy yilning 9 iyunidan boshlab ko‘prikda avtomobillar harakati vaqtincha to‘xtatilgan.

Ko‘prikning yopilishi Yangi yo‘l, Yangio‘nqo‘rg‘on, Ma’rifat hamda Chinobod mahallalari aholisi uchun yo‘l masofasining 10-17 kilometrga uzayishiga olib kelgan va bu fuqarolarning haqli e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda.
Shu sababli, Senatning Yoshlar, xotin-qizlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi a’zosi Malika Qodirxonova O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi raisi Jamshid Tursunov nomiga senator so‘rovi yo‘lladi.
So‘rovda ko‘prikni ta’mirlash bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar yuzasidan asoslantirilgan tushuntirish taqdim etish so‘ralgan.
N.Abduraimova, O‘zA